Senatning oʻttiz toʻqqizinchi yalpi majlisida Muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini taʼminlash choralari yuzasidan Madaniy meros agentligiga parlament soʻrovi yuborish masalasi ham muhokama etildi. Ushbu masala Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan olib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda bugungi kunda faoliyat olib borayotgan 48 ta davlat muzeyi va ularning 73 ta filialida qariyb 2,5 mln muzey ashyolari va kolleksiyalari saqlanmoqda. Shuningdek, 6 ta nodavlat muzey faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ularda jami 25 mingga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalari mavjud.

Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari soni 1,3 millionni tashkil etmoqda. Respublikadagi muzeylarga 2021-yil davomida 2,4 mln, 2022-yilda qariyb 3,5 millionga yaqin kishi tashrif buyurgan.

Senat tomonidan olib borilgan oʻrganishlar va tahlillar natijasida sohada yutuqlar bilan bir qatorda hal qilinishi lozim boʻlgan ayrim masalalar dolzarbligicha qolayotganligi maʼlum boʻlgan. Xususan, muzeylar sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda nomuvofiqliklar mavjudligi aniqlangan. Jumladan, davlat muzeylari, muzey qoʻriqxonalari va uy muzeylari, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari Madaniy meros agentligiga oʻtkazilgan boʻlsa-da, “Muzeylar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida Agentlikning bu boradagi vakolati belgilanmagan. Shuningdek, muzeylar faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar tarqoq holda boʻlib, ularning soni 100 dan ortiqni tashkil etmoqda.

Hukumatning tegishli qarori bilan Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish va saqlash tartibi belgilangan boʻlsa-da, ushbu fondga kiritilmagan 1,2 millionga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalarini hisobga olish va saqlashning aniq tartiblari mavjud emas.

Davlat katalogining elektron shaklini yaratish borasida muayyan ishlar olib borilgan. Biroq Davlat katalogining bosma maʼlumotlari hali shakllantirilmagan. Muzeylarga 2022-yil davomida tashrif buyurganlarning 75 foizi asosan 6 ta muzeyga, 25 foizi esa qolgan 43 ta muzey va ularning filiallari hissasiga toʻgʻri kelgan. Mazkur holat aksariyat muzeylarda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini anglatadi.

Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan muzeylarni aholiga yaqinlashtirish hamda imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz uchun ham teng imkoniyatlar yaratish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Shuningdek, senatorlar tomonidan muzeylarni aholiga yaqinlashtirish maqsadida olis va chekka hududlarga koʻchma koʻrgazmalar tashkil etish tizimini yoʻlga qoʻyish taklifi ilgari surildi.

Muhokama soʻngida Madaniy meros agentiligiga qayd etilgan muammo va kamchiliklar yuzasidan yozma ravishda asoslantirilgan tushuntirish berish talabi qoʻyilgan parlament soʻrovini yuborish qarori senatorlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.