«Asdaa Oman» xabarida Dushanbe shahrida boʻlib oʻtadigan SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining sammitidan soʻng ushbu tashkilotga raislik Oʻzbekistonga oʻtishi haqida soʻz yuritilgan.
Shuningdek, ertangi anjuman doirasida Afgʻonistondagi vaziyat boʻyicha “Shanxay Hamkorlik Tashkiloti – Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti” formatidagi uchrashuv ham oʻtkazilishi aytilgan.
“Dunyo” AAning aytishicha, maqolada oʻtgan hafta Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatda ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti bilan tanishgani haqida ham yozilgan.
Xususan, Oʻzbekiston Prezidenti 13 sentabr kuni Oʻzbekistonda xirurgiya xizmatini transformatsiya qilishga oid taqdimot bilan tanishgani, mamlakatda har yili 750 mingta jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi, respublika markazlarida jahon tibbiyotining yutuqlarini oʻrganishga asoslangan barcha zarur sharoitlar yaratilgani taʼkidlangan.
Bundan tashqari, ushbu maqolada Oʻzbekiston-Turkiya oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni oshirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazilgani haqida soʻz yuritilib, Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Turkiya Adolat va taraqqiyot partiyasi raisining oʻrinbosari – Istanbul parlamenti deputati Nuʼmon Kurtulmush boshchiligida Turkiya parlamentining bir guruh deputatlari bilan uchrashuv oʻtkazgani maʼlum qilingan.
«Asdaa Oman» nashri gazetxonlar eʼtiborini respublikamiz madaniy hayotida sodir boʻlayotgan muhim voqealarga qaratib, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha oʻtkazilayotgan Madaniy meros haftaligi haqida hikoya qilgan. Xususan, “Oʻzbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans poydevori” mavzusida oʻtayotgan V Xalqaro kongress doirasida “Oʻzbekiston madaniy merosi – dunyo toʻplamlarida” turkumidagi kitob-albomlarning yangi jildi taqdimoti oʻtkazilgani aytilgan.
Madaniy meros haftaligi doirasida Xiva shahrida “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumi, YUNESKO shafeligida “Arxeologiya va turizm: salohiyatni aniqlash va merosni boshqarish” xalqaro anjumani, Oʻzbekiston fuqarolari va xorijlik mehmonlarni mamlakatimiz sanʼatining noyob durdonalari bilan tanishtirish maqsadida oʻndan ortiq koʻrgazmalar oʻtkazish rejalashtirilgani va ushbu haftalik 21-sentyabrgacha davom etishi taʼkidlangan.
Bundan tashqari, haftalik doirasida Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha Butunjahon assotsiatsiyasining beshinchi xalqaro konferensiyasi oʻtkazilishi, unda AQSH, Germaniya, Italiya, Vengriya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Yaponiya, Albaniya, Avstriya, Afgʻoniston, Qozogʻiston, Gretsiya, Isroil, Hindiston, Iordaniya, Eron, Xitoy, Livan, Moʻgʻuliston, BAA, Niderlandiya, Ukraina va Polsha kabi 40 ga yaqin mamlakatdan 300 dan ortiq olim, ekspert va mutaxassis ishtirok etishi aytilgan.