Qarorga koʻra, quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilangan:
– moddiy madaniy meros, shu jumladan, arxeologiya merosi obyektlari, muzey ashyolari va kolleksiyalari hamda madaniy boyliklarni ularning tarixiy-madaniy qimmati va noyobligini saqlagan holda konservatsiyalash, tuzatish, taʼmirlash, hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish, shuningdek, ular bilan bogʻliq ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;
– moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari kadastr hujjatlari va uning qoʻriqlanadigan tegralari loyihalarini, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar, shu jumladan, YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarni boshqarish rejalari va merosga boʻlgan taʼsirini baholash hisobotlarini ishlab chiqish;
– moddiy madaniy meros obyektlarini asrashga doir ishlar uchun ularning oʻziga xos jihatlarini inobatga olgan yangi usul, material va texnologiyalarni ishlab chiqish, bu boradagi xorijiy ilgʻor tajribalarni chuqur oʻrganish va amaliyotga tatbiq etish, yodgorliklarni muzeylashtirish, muzeylar ekspozitsiyalarini yaratish;
– madaniy merosni, shu jumladan, nomoddiy madaniy merosni va alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarni ilmiy oʻrganish, hujjatlashtirishda ishtirok etish, shuningdek, ularni muhofaza qilish, ommalashtirish va ulardan oqilona foydalanish boʻyicha ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqish, sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish.
Institut direktori Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Institut Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Oʻzgarish koʻchasi, 18-uy manzilida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamentining binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.