Tadbirni Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori Shaxriyor Nurulloyev ochib berdi. Shuningdek, taqdimotda Turizm va madaniy meros vazirining oʻrinbosari, YUNESCOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati ishtirok etdi. Ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi hamkorligida boʻlib oʻtdi.

Madaniy meros va ijodiy industriya jahon iqtisodiyotining eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Madaniyat va ijodga sarmoya kiritish shahar iqtisodiyotini jonlantirishning ajoyib usuli ekanligi jahon tajribasida isbotlangan. Bugungi kunda koʻplab shaharlar madaniy meros, madaniy tadbirlar va muassasalardan oʻzlarining imidjini yaxshilash, shahar rivojlanishini ragʻbatlantirish, sayyohlar va investorlarni jalb qilish uchun foydalanadilar.

Oʻzbekiston boy tarixiy, madaniy va tabiiy merosga, rang-barang tabiatga ega mamlakat sifatida mashhur. Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan koʻp millatli jamiyat sifatida bu yerda asrlar davomida madaniyat gullab-yashnagan. Oʻzbekiston hukumati madaniyatning mamlakat barqaror rivojlanishiga qoʻshayotgan asosiy hissasini eʼtirof etadi. Qolaversa, Oʻzbekiston uchun madaniy meros milliy oʻzlik va iftixor manbai boʻlib, uni muhofaza qilish va targʻib qilish davlatimiz tomonidan eʼtiborda.

“Madaniy meros va ijod platformasi”ning maqsadi Oʻzbekistonda madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish va ijodkorlikni ragʻbatlantirish, barqaror turizmni rivojlantirishni taʼminlashdan iborat. Bundan tashqari, madaniy dastur va tashabbuslarni, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish boʻyicha hamkorlik asoslarini qoʻllab-quvvatlash hamda 2022-2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasi hissa qoʻshishni maqsad qilgan.

Platformaning oldiga qoʻyilgan vazifalar sirasiga, shuningdek, Oʻzbekistonda madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilishni kuchaytirish, madaniy va ijodiy sohalarni rivojlantirish va barqaror turizmni rivojlantirish ham kiradi.

Madaniy meros va ijod platformasi boʻyicha oʻtkazilgan mazkur uchrashuv davra suhbati shaklida boʻlib oʻtdi.

Zuhra MELIBOYEVA,

talaba