Taʼkidlanishicha, poytaxtimizda bugungi kunda madaniy meros hisoblangan bino-inshootlarning 30 tasi umumtaʼlim maktabi, 5 tasi kasb-hunar kolleji, 24 tasi oliygoh, 109 tasi vazirlik va idoralarning maʼmuriy binolari sifatida foydalanib kelinmoqda.

"Biroq, ushbu bebaho merosimizdan foydalanayotgan idora masʼullarining barchasi ham ulardan toʻgʻri foydalanayaptimi?!

Afsuski, yoʻq!

Birgina, poytaxtimizning Sayilgoh koʻchasida joylashgan, XIX asrga oid betakror arxitektura yodgorligi boʻlgan (sobiq Erkaklar va Ayollar gimnaziyasi) Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan foydalanib kelinayotgan binolar mutaxassislar tomonidan oʻrganilganida, tegishli ruxsatnoma olinmasdan, bino devorlari teshilib qayd etish taxtachalari oʻrnatilgani va atroflari boʻyalgani, sovutkich (konditsioner) dvigatellari hamda soyabonlar oʻrnatilgani aniqlangan.

Oliygoh rahbariyati tomonidan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatma bajarilmagani sababli, maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga taqdim qilingan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudining 31.03.2022-yilgi qarori bilan oliygohning masʼul rahbari maʼmuriy javobgarlikka tortilib, bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarima qoʻllanildi", deyiladi xabarda.