Madaniyat va turizm sohasida Litva bilan hamkorlik mustahkamlanadi

    Turizm 11 Iyul 2023 1874

    Joriy yil 10-iyulda Madaniyat va turizm vazirligida vazirning birinchi oʻrinbosari U.Azamov va Litva hukumati huzuridagi Milliy ozchiliklar boʻyicha kengash aʼzosi L.Urmanova oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida madaniy va turizm sohalarda aloqalarni yanada rivojlantirish, jumladan, sanʼatning teatr, xoreografiya va konsert tomoshalari boʻyicha ikki tomonlama almashinuv jarayonlarini muntazam olib borish hamda ikki davlat oʻrtasida sayyohlar oqimini koʻpaytirish masalalari muhokama etildi.

    Kelgusida oʻzbek milliy xoreografiya sanʼati va qoʻgʻirchoq teatri tomoshalarini Litvada tashkil etish hamda litvalik sanʼat ustalarining Oʻzbekiston boʻylab gastrollarining amalga oshirilishi boʻyicha kelishib olindi deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.

    Oʻz navbatida L.Urmanova Oʻzbekiston keyingi yillarda turizmi tez rivojlanayotgan mamlakat sifatida litvaliklarda katta qiziqish uygʻotayotganligini qayd etdi. Tomonlar turistlar oqimini oshirishda ikki mamlakatda ham tizimli targʻibot ishlarini amalga oshirish boʻyicha hamfikr ekanliklarini bildirdi.