Madaniyat Vazirligi karantin qoidalarini buzganlarga qat'iy chora ko‘rilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi

    Madaniyat 18 Sentabr 2020 1356

    Madaniyat Vazirligi bayonot bilan chiqdi.

    Jahonda va yurtimizda hukm surayotgan pandemiya sharoitida har bir davlat maʼlum darajada karantin choralarini qoʻllamoqda. Jumladan, yurtimizda ham tegishli vazirlik va idoralar, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga binoan, karantin davrida yurtdoshlarimiz amal qilishlari shart boʻlgan qoidalar aniq belgilab berilgan. Ushbu qoidalarni buzgan shaxslarga tegishli tartibda chora koʻrish vakolatli organlarga yuklatilgan.

    Bayonotda taʼkidlanishicha, soʻnggi paytlarda ayrim sanʼatkorlarning toʻy va tadbirlarda karantin qoidalarini buzish holatlari afsuski uchrab turibdi. Shu munosabat bilan, jamoatchilik tomonidan, Madaniyat vazirligi nega buni nazorat qilmayapti, qabilidagi savollar, murojaatlar kelib tushmoqda. Albatta, Madaniyat vazirligi ushbu xatti-harakatlarni maʼqullamaydi va karantin qoidalari istisnosiz har bir shaxs uchun majburiyligini, uni buzganlarga qatʼiy chora koʻrilishini qoʻllab-quvvatlaydi.

    Biroq, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, qanday kasb egasi boʻlishidan qatʼiy nazar maʼlum huquq va majburiyatlarga ega. Ularning shaxsiy hayotini nazorat qilishga hech kimning haqqi yoʻq. Jumladan, Madaniyat vazirligi ham sanʼatkorlarning shaxsiy ishlariga aralashish vakolatiga ega emas. Vazirlikning nizom bilan tasdiqlangan faoliyat chegaralari mavjud boʻlib, undan tashqariga chiqish qonunan mumkin emas. Shaxsning jamiyatdagi xatosi yoki jinoyati uchun chora koʻrishga masʼul boʻlgan organlar qonunning barcha uchun barobarligi tamoyiliga asoslangan holda faoliyat olib boradilar.

    Tabiiyki, sanʼat ahli millionlab muxlislarning nigohida va diqqat markazida boʻladi. Lekin, bu unga qandaydir imtiyoz emas, aksincha ulkan javobgarlik va masʼuliyat yuklaydi. Madaniyat vazirligi soha vakillaridan oʻz hayot va faoliyatlarida ushbu mezonga amal qilishlarini soʻraydi. Oʻz navbatida, masʼul idoralarni belgilangan meʼyorlarni buzgan sanʼatkorlarning javobgarliklarini taʼminlash uchun qonuniy choralar koʻrishga chaqiradi. Zero, qonun barchaga barobar!

    Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi