Xabarda Madaniyat vazirligi Samarqand shahar hokimiyatidan Amir Temur koʻchasi, 14-uy buzilishi boʻyicha tushuntirish berishlarini talab qilgan. Shuningdek, Madaniy meros departamenti ekspertlari tomonidan ushbu obyekt 2010-yilda madaniy meros obyekti roʻyxatidan chiqarilgan boʻlsa ham tarixiy qurilish inshootining bir qismi hisoblanishini, nega Madaniyat vazirligi obyektining buzilishidan, shuningdek, u yerdagi buzilishlar haqidagi sud qaroridan xabardor qilinmaganligini taʼkidlagan.
Madaniyat vazirligi Bosh prokuraturaga 1990—2000-yillarda tarixiy obyektlarni qaysi sabablarga binoan roʻyxatdan chiqarilganligi boʻyicha quyidagi soʻrovnoma asosida tekshiruv oʻtkazilishi masalasi boʻyicha murojaat qilgan:
- Obyektlar nega roʻyxatdan chiqarildi?
- Ushbu xulosalar kim tomonidan qabul qilingan?
- Xulosalar Madaniyat vazirligi va viloyat hokimiyatining qaysi rahbari tomonidan tasdiqlangan?
- Roʻyxatdan chiqarilgan boshqa obyektlarning taqdiri nima boʻlgan?
Maʼlum qilinishicha, ayni paytda Bosh prokuratura tomonidan Madaniy meros departamentining barcha viloyatdagi inspeksiyalari faoliyati, shu jumladan, Samarqand viloyat madaniy meros boshqarmasining faoliyati ham oʻrganilib, madaniy meros saqlanilishiga nisbatan bir qancha qonunbuzarliklar aniqlangan. Madaniyat vazirligi ushbu qonunbuzarliklar uchun barcha aybdorlar va Samarqand viloyati madaniy meros boʻlimidagi aloqador shaxslarning mazkur noqonuniy xatti-harakatlariga nisbatan javobgarlik chora-tadbirlari qoʻllanishini bildirgan. Taʼkidlanishicha, Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi rahbari bino buzib boʻlingach departamentga xabar bergan.
«Madaniyat vazirligi taʼkidlaydiki, agar tarixiy obyektning buzilishi Samarqand shahar hokimligi tomonidan amalga oshirilgan hamda Madaniyat vazirligi bu jarayonni tasdiqlamagan boʻlsa, u holda buzilishga oid masʼuliyatni shahar hokimligi oʻz zimmasiga olishi va bunga aloqador shaxslar amalga oshirgan noqonuniy xatti-harakatlari uchun qonunda belgilangan tartibda jazolanishi shart.
Madaniyat vazirligi shuni bildiradi: Samarqand viloyati Madaniy meros boʻlimini boshqarish ekspert kengashining barcha qarorlari bekor qilinadi. Sabab, Samarqand viloyati Madaniy meros boʻlimini boshqarish ekspert kengashining tarkibi haqidagi zarur hujjatlar taqdim qilinmagan va shu tufayli ular Madaniy meros departamenti, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan tasdiqlanmagan; Madaniy meros departamenti huzuridagi Ilmiy-tadqiqot kengashida mutaxassislardan birining majburiy ishtirok etishi talablari bajarilmagan», — deyildai xabarda.
Bundan tashqari, vazirlik Samarqand viloyati hokimiyati va Samarqand shahar hokimligidan YUNESKO hududlarga qoʻyilgan barcha talab meʼyorlariga qatʼiy amal qilinishini talab qilgan.
Shu bilan birga, vazirlik hozirda Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019-yil oktyabr oyida tasdiqlangan madaniy meros obyektlari roʻyxatiga kirgan madaniy meros obyektlarini saqlab qolishni oʻrganibgina qolmay tarixiy-madaniy ahamiyatga ega, ammo roʻyxatga kirmagan obyektlarni ham asrash masalasini oʻrganib chiqayotganligini maʼlum qilgan.