Taqdimotda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, TURKSOY Bosh kotibi Duseyn Kaseinov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Bosh maslahatchisi Yalchin Toʻpchu, mamlakatimizning Anqaradagi elchisi Alisher Aʼzamxoʻjayev, Turkiyaning Toshkentdagi elchisi Mehmet Sureyya, Oʻzbekiston – Turkiya parlamentlararo doʻstlik guruhi raisi, bursalik deputat Usmon Mesten, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Madaniyat diplomatiyasi boʻlim boshligʻi oʻrinbosari Emir Salim Yuksellar ishtirok etdi.

TURKSOY Bosh kotibi Duseyn Kaseinov “TURKSOY – Oʻzbekiston” kitobi chop etilishi munosabati bilan tashkilotning barcha aʼzolarini qutladi.

Uning taʼkidlashicha, ushbu nashrda 2020-yilda Xiva shahrining Turk dunyosi madaniyati poytaxti deb eʼlon qilinishi munosabati bilan oʻtkazilgan anjuman va festivallar ahamiyati haqidagi maʼlumotlarga keng oʻrin berilgan.

Turkiy xalqlar buyuk shaxslari, xususan ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiy, oʻzbek adabiyotining yirik namoyandalaridan Abdulla Qodiriy, yangi oʻzbek adabiyoti vakili, yozuvchi Shukrulloning turk sheʼriyati va sanʼatiga qoʻshgan ulkan hissasi haqidagi maʼlumotlar bilan boyitilgan.

Taqdimot davomda Oʻzbekiston Respublikasining Anqaradagi elchisi Alisher Aʼzamxoʻjayev soʻzga chiqib, ushbu kitobdan joy olgan oʻzbek milliy urf-odatlari, anʼanalari va qadriyatlari haqidagi maqolalar ahamiyatiga alohida toʻxtaldi. Uning qayd etishicha, kitobni oʻzbek tiliga tarjima qilishda Turkiya oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalarning hissasi katta.

Videomuloqot davomida Erkin Vohidovning “Oʻzbegim” qasidasi mutolaa qilindi, turkiy davlatlar sanʼat ustalari tomonidan Xiva shahrining goʻzalligi, sanʼati, urf-odati haqidagi tarona ijro etildi.