Shu yilning 13-may kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari, hududiy madaniyat organlari, tizimdagi tashkilot va muassasalar rahbar hamda xodimlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda tashkiliy masala koʻrildi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Hukumatning tegishli topshiriqlariga asosan vazirlikning ikki nafar xodimi turli tashkilotlarda masʼul lavozimlarga tayinlanganini maʼlum qildi.
Jumladan, vazir maslahatchisi Shavkat Ortiqov Oʻzbekistonning Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY)dagi vakili lavozimiga, vazirlikning Taʼlim sohasini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi Omonulla Salihov Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori lavozimiga tayinlanganini bildirib, ularning keyingi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyat tiladi.
Shuningdek, vazirlikda yangi tayinlov amalga oshirilgani maʼlum qilindi. Vazirlikning Teatr, sirk va kinematografiya sanʼatini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi lavozimiga Shoxruxmirzo Qodirov tayinlandi.
Vazir Ozodbek Nazarbekov masʼul lavozimlarga tayinlanganlar faoliyatiga omad tilab, oʻz bilim va iqtidorlarini soha rivoji yoʻlida safarbar etishlariga katta ishonch bildirdi.