MAGATE bilan hamkorlikda onkologiya sohasida mutaxassislar tayyorlanadi

    Shu kunlarda Avstriya poytaxti — Vena shahrida Atom energetikasi boʻyicha xalqaro agentligi (MAGATE) Bosh konferensiyasining 68-sessiyasi boʻlib oʻtmoqda.

    Tadbir doirasida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov va MAGATE bosh direktori Rafael Grossi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Samimiy va doʻstona ruhda kechgan muloqotda tomonlar soʻnggi yillarda oʻzaro hamkorlik jadal surʼatlarda rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

    Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimiz agentlik bilan yadroviy tibbiyot, shu jumladan tibbiy nurlanishda radiologik himoya meʼyorlarini takomillashtirish, nur terapiyasi uskunalarini modernizatsiya qilish, diagnostik radiologiya sifatini oshirish kabi qator sohalarda hamkorlik qilib kelmoqda.

    Uchrashuvda yana bir muhim yoʻnalish — Toshkent shahrida yangidan barpo etilgan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha kelishuv imzolandi.

    — Ushbu loyiha onkologik kasalliklarni diagnostika qilish va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish, pirovardida Oʻzbekistonda onkologiya xizmatining sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Biz ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyormiz, — dedi R.Grossi.

    Taʼkidlash joiz, davlatimiz rahbari shu yil avgust oyida markazda yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishish chogʻida xodimlarni oʻqitish, muassasada samarali boshqaruvni yoʻlga qoʻyish topshrigʻini bergan edi. Mazkur hujjatning imzolanishi ana shu vazifalar ijrosiga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.

    Uchrashuv yakunida A.Xudayarov MAGATE bosh direktorini yurtimizda yadroviy tibbiyot sohasida erishilgan yutuqlar bilan yaqindan tanishish uchun Oʻzbekistonga taklif qildi.