Fargʻona davlat universitetining axborot texnologiyalari markazida imtihonga biriktirilgan auditoriyalar yoshlarning erkin va odilona sinovdan oʻtishlari uchun barcha shart-sharoitlar bilan taʼminlandi. Kun davomida 4 smenada oʻtkazilayotgan imtihonlar davomiyligi 1 soatu 40 daqiqani tashkil etmoqda va ota-onalar ham universitet hududida imtihonga kirish jarayonini bevosita kuzatib turibdilar.
Kirish imtihonlariga qadar hududiy ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy nashrlar, Fargʻona davlat universitetining rasmiy veb-sayti, telegramm kanali orqali yoshlarga sinovga qatnashish tartibi va boshqa zarur koʻrsatmalar berib borildi.
Imtihonlar adolatlilik tamoyili asosida, kuzatuv kameralari nazorati va keng jamoatchilik nigohida tashkil etilib, shaffoflik va xolislikni taʼminlash yoʻlida “imtihon.edu.uz” platformasi ishga tushirildi. Ushbu onlayn translatsiya orqali mamlakatning istalgan nuqtasidan turib, jarayonni xolis kuzatish mumkin.
Aytib oʻtish joizki, joriy yilda oldingi yillardan farqli ravishda 2021/2022 oʻquv yili uchun magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotasi sezilarli ravishda oshgan. Kvotaga asosan, 26 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha 157 nafar magistrantlar qabul qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, endilikda universitetda yangi oʻquv yilidan boshlab arxeologiya mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlanishi yoʻlga qoʻyilmoqda. Ayniqsa, tabiiy va aniq fanlar yoʻnalishida 8 turdagi mutaxassisliklarga toʻliq davlat granti asosida magistrantlarning qabul qilinishi mazkur sohalar taraqqiyotiga puxta zamin hozirlamoqda.
Koʻrinib turibdiki, Fargʻona davlat universitetida sinov jarayonlarini adolatli tashkil etish uchun katta mehnat qilingan. Chunki talaba 50 ta test savollariga kompyuter orqali javoblar belgilar ekan, shu yerning oʻzida avtomatik tarzda uning natijasi ham maʼlum qilinmoqda.
Hozirgi kunda magistraturaga kirishni maqsad qilgan yoshlardan jami 2858 ta ariza qabul qilingan boʻlsa, ular guruhlarga boʻlingan holda, karantin talablari asosida hech qanday navbat va ortiqcha rasmiyatchiliklarsiz imtihon topshirmoqdalar.
Eslatib oʻtamiz, universitetda magistratura imtihonlari joriy yilning 19-avgust kuniga qadar davom etadi.
Komila Isroilova