“Magnum” supermarketlar tarmogʻi Oʻzbekistonni tark etadi

    Biznes 20 Iyun 2025 1910

    Qozogʻistonning supermarketlar tarmogʻi boʻlgan “Magnum” Oʻzbekiston bozorini tark etmoqda, deya xabar bermoqda “Forbes Kazakhstan”.

    Qayd etilishicha, tarmoqning Toshkentda beshta supermarketi va bitta gipermarketi bor boʻlib, hozirda ularning ayrimlari yopilgan, qolganlarida ham oxirgi tovarlar sotib tugatilyapti.

    Maʼlumotlarga koʻra, “Magnum” 2021-yil dekabr oyida Toshkentda ikkita gipermarket ochish orqali Oʻzbekiston bozoriga kirib kelgan. 2023-yil avgustida kompaniya Oʻzbekistondagi “Carrefour” tarmogʻining doʻkonlarini boshqargan “Majid Al Futtaim LLC Uzbekistan” biznesini sotib olib, doʻkonlari sonini yettitagacha oshirgan.

    Kompaniya vakillari 2024-yilda yana 10 ta savdo nuqtasini ochib, tarmoqlar sonini 17 taga yetkazishini maʼlum qilgan, biroq ushbu kengayish rejalari toʻxtagan. Soʻngra, 2024-yil fevral oyida Toshkentdagi “Magnum Qoratosh” savdo nuqtasi, may oyida esa yana ikki savdo nuqtasi yopilgan.

    Tahlilchilarning fikricha, “Magnum” oʻz vaqtida “Carrefour” tarmogʻi tomonidan yoʻl qoʻyilgan xatolardan toʻliq xulosa chiqarmagan. Bu omil ushbu savdo obyektlarini samarali chakana biznes birliklariga aylantirishda muammolar yuzaga keltirgan.