Bugun Kattaqurgʻon shahrida mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va turmush darajasini oshirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar asosida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Yaqinda shahar hokimi Gavhar Alimova shahar Xalq qabulxonasi mudiri H.Shodiyeva hamrohligida 1-sektor hududida bu borada olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tinishdi.
Ular hududdagi “Yermachit”, “Qoʻshhovuz”, “Chordara” mahallalarida boʻlib hududda yashovchi “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” hamda “Ayollar daftari”ga kirgan, lekin bugun koʻrsatilgan yordam bois qulay daromad manbaiga ega boʻlib, daftardan chiqarilgan fuqarolar bilan suhbatlashdi.
Jumladan, “Yermachit” mahallasidagi fuqaro H.Hamrayev “Temir daftarga” kiritilgan edi. U berilgan 2 bosh qoʻyni 5 taga koʻpaytirib oʻzini-oʻzi band qilgan. Daftardan ham chiqarilgan. Kelgusida ularning sonini yanada koʻpaytirmoqchi.“Ayollar daftari”ga kiritilgan “Qoʻshhovuz” mahallasi yashovchi Gulnoza Narzullayeva ham bugun unga berilgan tikuv mashinasi bilan kichik tikuv sexi ochib oʻzini bandligini taʼminlash bilan birga yana 5 nafar shogirdlarga tikuvchilik sirlarini oʻrgatib kelmoqda.
“Chordara” mahallasida yashovchi Jurabek Kenjayev ham “Yoshlar daftari”dan chiqarildi. Payvandlash uskunasini olgan Jurabek ham bugun shu orqali oʻzini band qilib, oilasiga ham daromad keltirmoqda.
Muhimi, Kattaqurgʻon shahrida ishsiz yoshlar va xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yoʻlidagi manzilli ishlar davom etmoqda.
Kattaqoʻrgʻon shahar hokimligi Axborot xizmati