Tadbirda “Mahalla” xayriya jamoat fondining Respublika boshqaruvi raisi oʻrinbosari Soqijon Karimov, fondning Samarqand viloyat boʻlimi raisi Akbar Axtamov, Samarqand shahar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.
Dastlab, “Geologlar” mahalla fuqarolar yigʻini yangi binosining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda “Mahalla” xayriya jamoat fondining Respublika boshqaruvi raisi oʻrinbosari S.Karimov soʻzga chiqib, yangi foydalanishga topshirilgan mahalla fuqarolar yigʻini binosining yurtimiz rivojiga katta hissa qoʻshishida xizmat qilishi kerakligini taʼkidladi. Shundan soʻng fond tomonidan ushbu mahallaga bir toʻplam mebel jamlanmalari, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan yashash sharoiti ogʻir boʻlgan 4 nafar fuqarolarga fond tomonidan bir martalik moddiy yordam ajratish toʻgʻrisidagi sertifikatlar topshirildi.
Tadbirdan soʻng fondning Respublika boshqaruvi raisi oʻrinbosari S.Karimov rahbarligida “Geologlar” mahalla fuqarolar yigʻinidagi kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning xonadonlariga borilib, 5 nafar fuqarolarga homiylik asosida oziq-ovqat mahsulotlari berilib, ular holidan xabar olindi.
Shuningdek, Samarqand shahridagi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi binosida Fuqarolar yigʻinlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbirda fondning tuman, shahar boʻlinmalari raislari va hisobchilari, viloyatdagi bir guruh mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, moddiy va ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan fuqarolar hamda matbuot xodimlari ishtirok etishdi. Tadbir davomida shuningdek, viloyatdagi 17 ta mahalla fuqarolar yigʻinlariga mebel toʻplamlari, kompyuter va printer qurilmalari tantanali topshirildi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat boʻlim boshqaruvi matbuot xizmati.