“Mahalla byudjeti” tizimining joriy etilishida aholining soliq toʻlash madaniyati muhim rol oʻynaydi

    Moliya 8 May 2023 1069

    2023-yil 8-mayda Oliy Majlis Senatida “Mahalla byudjeti” tizimining joriy etilishi munosabati bilan aholining soliq toʻlash savodxonligini oshirish” mavzusida seminar tashkil etildi, unda senatorlar, vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Seminarda “Mahalla byudjeti” tizimining amalga oshirish mexanizmi va unda shakllantirilgan mablagʻlardan foydalanish tartibi, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi va yer soligʻini undirishda aholining soliq toʻlash savodxonligini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

    Jumladan, joriy etilgan tizim mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish orqali kambagʻallikni qisqartirish, respublika, viloyat, tuman va shaharlarda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari va manzilli moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalarining bevosita mahalla darajasiga tushirilishini taʼminlab, mahallaning oʻzidayoq koʻplab muammolarni hal etish, jumladan, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, obodonlashtirish, moddiy yordam, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, kutubxonalar, sport maydonchalari qurish kabi masalalarni hal qilishga zamin yaratadi.

    Shuningdek, “Mahalla byudjeti” tizimi eksperiment tariqasida joriy etilgan 14 ta tumandagi 764 ta mahallaning oʻzida joriy yilning I choragida 45 milliard 249 million soʻm yoki oʻtgan yilga nisbatan 1,8 baravarga koʻp jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari undirilishiga erishilgan.

    Bundan tashqari, MFY raislari uchun “Soliq.uz” mobil ilovasining “Mening mahallam” boʻlimi orqali hududlaridagi soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlashi lozim boʻlgan mol-mulk va yer soliqlarini real vaqt rejimida aniqlash imkoniyati yaratilgan.

    Seminarda “Mahalla byudjeti” tizimini amaliyotga joriy etishda jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlarini undirish mexanizmini takomillashtirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

    Xususan, soliq toʻlovchilarning soliq sohasida bilim va koʻnikmasi yetarli emasligi oqibatida soliq qarzi yuzaga kelayotgani senatorlar tomonidan taʼkidlandi.

    Seminarda mahallalar oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarga erishishga salbiy taʼsir etishi mumkin boʻlgan holatlar borasida fikrlar bildirildi.

    Shu boisdan soliqqa oid misollardan foydalangan holda roliklar tayyorlash va OAV orqali aholiga keng yetkazish, bunda hayotiy misollar keltirish orqali soliqlar aholining yashash sharoitlariga ijobiy taʼsir koʻrsatishini aks ettirishga eʼtibor qaratish lozimligiga urgʻu berildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.