Kogon shahri Arabxona MFYda uzoq yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Yunus Xayrullayev ham ana shunday insonlardan.
U kishini 1992, yaʼni oʻrta maktabni tugatganimdan buyon yaxshi taniyman. 60 yoshdan oshgan qahramonimiz 11 nafar farzandning uchinchisi boʻlgan. Otalari — Ravshan bobo Xayrullayev ziyoli inson boʻlib, bir necha yil oʻqituvchi boʻlib ishlaganlar. Shu bois 11 nafar farzandni ham oliy maʼlumotli va kasb-hunarli boʻlishiga katta eʼtibor qaratgan. Intiluvchan va mehnatkash boʻlganidan texnikumda oʻqish bilan bir qatorda xususiy korxonada ham ishladi. Vaqtni zoye ketkizgisi kelmasdi. Qolaversa, ishlab, daromad koʻrsa ota-onasiga yordam boʻlishini oʻylar edi.
1979-yilda Yunus akani harbiy xizmatga chaqirishdi. U kishi ikki yillik harbiy xizmatni urush oʻchogʻi boʻlgan Afgʻonistonda oʻtadi. Oʻsha kezlari yoshi katta insonlar urushda boʻlgan odam bilan suhbatga kirishsang, unga urushni eslatma, deb uqtirardi. Shu bois Yunus akaga afgʻon urushi haqida hech qanday savol bermadim. Qahramonimiz xizmatdan, urush oʻchogʻidan eson omon qaytib, shahar savdo markazida ishchi 1982-1992-yillardagi shu mahalladagi hunar texnika bilim yurtida ishlab chiqarish ustasi, 1992-1993-yillarda ushbu kasb-hunar bilim yurti direktorining xoʻjalik boʻlimi boʻyicha oʻrinbosari vazifasida faoliyat yuritgan.
Respublikamizda mahalla tizimi yoʻlga qoʻyilgach, Kogon shahar 1-sonli Arabxona MFY raisi nomzodligiga mahalla fuqarolari 30 yoshli Yunus akani tavsiya etib, uni qoʻllab-quvvatlashdi. 1993-yildan 2008-yilgacha MFY raisi lavozimida faoliyat yuritdi. Bu insonda fidoyilik, jonkuyarlik fazilatlari bor ekan mahalla aholisi uning nomzodini qoʻllab quvvatladi. Mahalla ahli bilan ishlash, har bir kishiga koʻnglidagidek muomala qilish, dardu hasratiga quloq tutib, muammolari yechimini topishda koʻmaklashish ulkan mashaqqat va masʼuliyatdir. Mana shunday mushkul ishni uddalagani bois ham mahalla ahlining u kishiga mehri boʻlakcha edi. Yunus aka Xayrullayev 1990-yildan 2014-yilga qadar Kogon shahri deputati sifatida ham faoliyat yuritgan.
Yunus akani koʻp yillardan buyon bilaman, u kishi hamma bilan ayniqsa fuqarolar bilan muloqotda vazmin bosiqlik bilan muomala qiladi. Har bir inson shunday boʻlishi shart deb oʻylayman, ayniqsa, mahalla raislari va mahalla xodimlari.
Yunus aka 2015-yildan 2019-yilga qadar turli joylarda ishladi. 2019-yil may oyida MFYda saylov jarayonlari boshlandi. Buni qarangki, fuqarolarning oʻzlari Yunus akani huzuriga kelib, biz sizni nomzodini qoʻyamiz, xalq talabini rad etishga maʼnan haqqingiz yoʻq degan talab qoʻyishdi. Koʻpchilikning ovozi bilan Arabxona MFY rais etib saylandi. Bugungi kunda ushbu mahallada doʻstlik va totuvlikni mustahkamlashda Yunus aka Xayrullayevning xizmatlari katta. Har bir xonadonga kirib, ularning muammosini va maqsad, xamda takliflarini oʻrganib, oʻz vakolati doirasida koʻmaklashishni burchi deb biladi.
Koʻplab fuqarolarga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, bandligini taʼminlashga koʻmaklashdi. Mahallada goʻzallik saloni, savdo doʻkoni, ovqatlanish shoxobchasi, dorixona, tikuv sexi tashkil etilishida oʻz hissasini qoʻshdi. U kishining jonkuyarligi, ayniqsa, pandemiya davrida yana bir bor oʻz isbotini topgan edi.
Qahramonimiz Yunus akaga 60 yoshni qarshiladingiz endi, kursini yoshlarga topshirib, nafaqaga chiqsangiz boʻlar deb aytganimda, suhbatdoshim “Toshpoʻlatjon, hozir ishlar qizgʻin. Ijobiy oʻzgarishlar koʻp ularni amalga oshirishda men ham oʻz hissamni qoʻshishim kerak”, dedi. Yunus aka aytganidek, ijobiy oʻzgarishlar koʻp boʻldi. xususan, koʻp qavatli uylar va MTT binosi mukammal taʼmirlanib, yoʻllarga asfalt yotqizildi, mahalla koʻchalari chiroy ochdi.
Fidoyi insonlar xar bir jamiyatning nafaqat ilgʻor kishisi, balki millatning haqiqiy boyligi deb hisoblayman. Yunus aka nafaqaga chiqqach, qoʻshni mahallaning 50 dan ziyod faollari akaning oldiga kelib, oʻsha mahallaga rais boʻlishini iltimos qiladi. Shu tarzda oʻz nomzodini saylovga qoʻyib, koʻpchilikning ovozi bilan qoʻshni mahallaga rais etib saylandi. Biz esa u kishiga sira charchamang, deymiz.
Toshpoʻlat ASHUROV,
Kogon shahri