O'rta Chirchiq tumanidagi “Mayramko'l” mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi Gulisa opa Bildanova “Ayollar daftari”da ro'yxatga olingan 28 nafar xotin-qizning biri edi. O'tgan yilgi karantin davrida oilasi biroz qiynalib qolgan ayol subsidiya asosida berilgan 7,5 million so'm kreditga mo''jazgina issiqxona barpo etib, sabzavot va ko'katlar etishtirish orqali xonadoniga daromad kiritdi.
Astoyidil qilingan mehnat ortidan etilgan hosil yomon bo'lmadi. Qahramonimiz issiqxonani sira bo'sh qoldirmaydi. Mavsumga qarab, turli sabzavotlarni etishtiradi. Ko'katlardan keyin ro'zg'orga, ortgani bozor uchun, deb pomidor ekdi. Ko'chatlar bo'y cho'zib, hosilga kirish arafasida turibdi. Mahalladan biriktirilgan mutaxassis yigit tez-tez kelib, ko'chatni parvarishlash yo'l-yo'rig'ini o'rgatadi. Zarur chora-tadbirlar bo'yicha tavsiyalar berib, opaga amaliy ko'mak beradi.
Maktabni tamomlab turmushga chiqqan Gulisa opa hayotidan nolimaydi. Turmush o'rtog'i bilan birgalikda ro'zg'orni tebratib, 3 farzandni tarbiyalab kelishyapti. Oila boshlig'i uzoq yillar bir tashkilotda oddiy ishchi bo'lib mehnat qilgan. Gulisa opa ham oilaga ko'mak bo'lsin, deya 8 yil uyiga yaqin joydagi parrandachilik fabrikasida ishladi. Bolaligidan chorva mollari, parranda boqib katta bo'lgan qahramonimiz uchun bu juda maroqli ish edi. Fabrikada g'oz, tovuq, jo'jalarni parvarishlash, tuxumlarni inkubatorga joylashni zavq bilan bajarardi. Unga biriktirilgan 2 nafar qizga bu ishlarni astoyidil o'rgatgan.
Qiyinchiliklar bir-biriga ulanib keladi, deganlari rost. 2020-yilda boshlangan karantin bir tomonda qolib, oilada boshqa muammolar ham yuzaga kela boshladi. Gulisa opaning turmush o'rtog'i biroz bemorligi sabab ishdan bo'shab, uyda o'tirib qoldi. Avgust oyida qahramonimizning o'zi ham betoblanib, fabrikadagi ishidan ketdi. Yordam sifatida qurib berilgan 2 sotixli issiqxona oilaning yagona daromad manbaiga aylandi.
Gulisa opa anchayin harakatchan, mehnatni yaxshi ko'radigan ayol. Qalbidagi shijoat sabab o'tgan yili dekabr oyida mahallaga ish so'rab chiqdi. Mahalla raisi o'rinbosari Mahammadjon Mamatqulov aka darrov ayolning sharoitini va albatta, g'ayratini ko'rib, fabrikadagi ishini o'z uyida davom ettirishini maslahat berdi.
— Ularning takliflari menga ma'qul keldi. Rozi bo'lganimdan so'ng, oradan 10 kun o'tar-o'tmas bank xodimlari suhbatlashgani kelishdi, — deydi qahramonimiz. — Ochig'i, ishlar bu qadar tez boshlanib ketishini kutmagandim. Mahallaning tavsiyanomasi asosida 2 haftalik kursda o'qib, sertifikat olganimdan so'ng, bank tomonidan 5-6 kun ichida tovuqxona uchun 33 million so'm kredit ajratildi. 550 dona “Novigen” zotdor tovuqlari keltirib berildi.
“Mahallabay” tizimning samarasini o'z hayotida his etgan oila yanada shijoat bilan mehnatga kirishdi. Ularga berilgan tovuqlarning barchasi tuxum qiladi. Sohani yaxshi tushunadigan Gulisa opa tuxumlar oddiy sharoitdan ko'ra, inkubatorda sifatli jo'ja ochishini bilgani bois, 8 million so'mga inkubator sotib oldi. Mazkur inkubator bir martada 1 ming 200 donadan jo'ja chiqaradi. Apparatni boshqarish qiyin emas — idishidagi suv doim to'ldirilib, sutkada bir marta qurilmaning eshigini ochgan holda, ichki qismi 10-15 daqiqa shamollatib turilsa bo'lgani. Uning o'zi har ikki soatda avtomatik tarzda tuxumni aylantirib, zarur havo haroratini ushlab turadi. Tuxumlar 20-21 kunda jo'ja ochib chiqadi.
3 kunlik tetik, zotdor jo'jalarning bozorda xaridori chaqqon. Bu jo'jalar 5 oyda baquvvat tovuqqa aylanadi. Gulisa opa talabga qarab, ham jo'ja, ham tovuq sotadi. Qahramonimiz olgan daromadiga chorva mollari olib, ehtiyojidan ortganidan mahalladoshlarini sut-qatiq bilan ta'minlashni o'ylagan. Bug'doydan keyin er olib, makka ekish niyati ham bor. Bankdan olgan kreditlarini o'z vaqtida to'layotgan ayol, ro'zg'ordan orttirib, ana shu rejalari uchun mablag' yig'ayapti. Kelgusida 3 mingta jo'ja chiqaradigan inkubatoriya qurib, yoshlar va xotin-qizlar uchun ish o'rinlarini ko'paytirmoqchi.
Bu oilaning boshqa a'zolari ham e'tibordan chetda qolmagan. Qahramonimizning turmush o'rtog'i bug'alterlik kursida bepul o'qitilgach, qo'lidagi sertifikati bilan yaxshi bir ishga joylashdi. O'tgan yili oliy o'quv yurtiga kira olmagan katta o'g'li esa “Yoshlar daftari” ro'yxatiga olinib, haydovchilik guvohnomasiga o'qitilyapti.
Bugun hayotidan, turmushidan rozi bo'lib yashayotgan Gulisa opa tadbirkorlikka qiziqadigan xotin-qizlarga shoshmasliklarini, har qanday ishni boshlashdan oldin o'sha sohani o'rganib, shogirdlikka tushgan holda, bir muddat ishlab ko'rishni maslahat beradi. “Parrandachilikka qiziqadigan ayollar bo'lsa, bemalol mening oldimga kelishsin. Yo'q demayman, qo'limdan kelganicha o'rgataman. Chunki shu yo'nalishda oz bo'lsada bilimga ega bo'lishsa, ishni tezda uddalab ketishadi, kreditni to'lashga ham qiynalishmaydi”, — deydi mehnat qilgan inson kam bo'lmasligini o'z misolida ko'rayotgan ayol.
Muhtoj xotin-qizlarga tirgak bo'lib...
Ana shunday matonatli, mehnatkash ayollarni O'rta Chirchiq tumanidagi 62 ta mahalla fuqarolar yig'inlarining barida uchratish mumkin. Hududda istiqomat qilayotgan 148,8 ming aholining 72,5 mingini xotin-qizlar tashkil etadi. SHundan 2 298 nafari “Ayollar daftari” ro'yxatiga kiritilgan.
Tumanda kam ta'minlangan xotin-qizlarga ish berib, ro'zg'orini tebratishlarida ko'maklashayotgan tadbirkor ayollar ham ko'pchilikni tashkil etadi. “Dostonbek Azizbek” fermer xo'jaligi rahbari Komila Jumanazarovaning asli kasbi pedagog bo'lgan. Turmush o'rtog'i xastalikka chalinib, u tashkil etgan fermer xo'jaligi tugatilish arafasida turganida, ayol umrdoshining yoniga kirib, u boshlagan ishlarni davom ettirdi, rivojlantirdi. Hozir “Dostonbek Azizbek” fermer xo'jaligi Komila opa rahbarligida tumandagi eng ilg'or korxonalardan biriga aylangan.
Qahramonimiz 2020-yil sinovli kelib, ko'plab rejalarni puchga chiqarganganiga qaramay, mehnat qilishdan to'xtamadi. Ipak qurtini boqib, jarayonda mahalladagi 20 ta ehtiyojmand va kam ta'minlangan oilalarni ish bilan ta'minladi. 17 quti ipak qurti olib, ayollarga bo'lib berdi. Mehnatlariga oylik maosh to'lab, pandemiya davrida uyda o'tirgan xotin-qizlar ro'zg'orining bir tomonini ko'tarishga ko'maklashdi.
176,7 gektar yer maydoniga ega fermer xo'jaligida paxta, g'alla, sabzavot mahsulotlari etishtiriladi. 50 ga yaqin kishi ish bilan ta'minlangan. Ularning ko'pchiligi “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlardir. Bundan tashqari, Komila opa “Jumanazarov Xakimjon tomorqa xizmati” MCHJ tashkil etib, hududdagi fermer va qishloq xo'jaligi erlari egalariga tomorqa xizmatlarini ko'rsatib kelmoqda. Bugun ayolning ko'ksini bezab turgan “Mahalla iftixori” ko'krak nishoni samarali mehnati, soha rivojiga qo'shayotgan hissasi, yurt taraqqiyoti yo'lidagi jonkuyarligi uchun berilgan e'tirofdir.
— 27 yillik ish tajribasiga egaman, — deydi Komila Jumanazarova. — 2021-yil men uchun juda barakali yil bo'ldi, desam adashmayman. 7-mart kuni “Mo'tabar ayol” ko'krak nishoni, 24-mart kuni “Mahalla iftixori” ko'krak nishonlari bilan taqdirlandim. Bu rag'bat, e'tibor va e'zozdan boshim osmonga yetdi. Aslida, mehnatlarimni qadrlab, ishonch bildirganlarining o'zi katta e'tirof. Bugun mahallalarning qadr-qimmati yuksalib, jamiyat, insonlar hayotidagi o'rni oshib borayotganini ko'rib yashash qanchalik sharaf ekanini so'z bilan ifoda etish qiyin, buni his qilish kerak. Bu o'z oldimga ulkan rejalar qo'yishga undaydi.
Komila opa o'zi yashab turgan Abdulla Qahhor ko'chasinining bir fuqarosi sifatida uning obodligi uchun hissasini qo'shishdan og'rinmaydi. Bahorning ilk oylarida mahalladoshlar bilan birgalikda uni yanada obod qilishdi. Archa, gullar ekib, namunali ko'chaga aylantirishdi. Qayta ta'mirlangan bolalar maydonchasida o'g'il-qizlar vaqtini maroqli o'tkazmoqda. “Bu ishimiz bizga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, ayollarga ko'rsatilayotgan hurmat-e'tibor oldida dengizdan bir tomchi, xolos. Yurtimizda qancha tadbirkorlar, fermer va dehqonlar bor. Bu degani — bizda qoloq mahallalar bo'lmaydi. Buning uchun barchamiz birgalikda harakat qilishimiz lozim”, — deydi xalq koriga yarayotgan yana bir zamondoshimiz.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri