Har bir mahallaga oliy maʼlumotli, iqtisodiyot sohasida kamida 2 yil mehnat stajiga ega boʻlgan, hududning shart-sharoitini yaxshi biladigan, tadbirkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning biznes loyiha va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tajribasiga ega boʻlgan shaxs mazkur lavozimga qoʻyilgan.

Hokim yordamchilari mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish joylarini yaratishga masʼul boʻlib, yer, kredit, infratuzilma, kasbga oʻqitish va boshqa zaruriy koʻmak berish tizimini yoʻlga qoʻyayapdi, oʻz “byudjeti” boʻlib, ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar ajratish, jamoat ishlariga jalb qilishni tashkillashtiryapti.

Hokim yordamchilariga amaliy yordam berish maqsadida, iqtisodiyot idoralari va tijorat banklari rahbarlari biriktirilgan. Bu mahalla muammolarini erta aniqlash va yechim topishda katta imkoniyatlar yaratib berishiga ishonamiz.

Aholi bandligini taʼminlash, aholini kambagʻallikdan chiqarish,  fuqarolarning tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish — bularning barchasini amalga oshirish uchun hokim yordamchilari bor kuch-gʻayratini ishga solyapti.

Xorazm viloyati Bogʻot tumanidan Samandar Vapayev oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻydi. U hozir koʻp tarmoqli tadbirkor sifatida biogumus, chorva mollari, qoʻy, tovuq va asalarichilikni yoʻlga qoʻygan.

Hovlisida moʻjazgina issiqxona tashkil qilib, sarimsoq piyoz yetishtirib sotishni yoʻlga qoʻygan Yulduz Tuxtayeva “daromad topish uchun faslning farqi yoʻq” degan soʻzlarni oʻziga shior qilib olgan.

Bu boshlangan ishlarning hammasida, shubhasiz, mahallalarimizda yaqindan boshlab ish olib borayotgan hokim yordamchilarining hissasi katta.      

Umida Otajonova,

Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi

 Bogʻot tuman boʻlinmasi mutaxassisi.