Mahalla tizimini raqamlashtirish yoʻlida muhim hamkorlik

    Kuni kecha BMT Taraqqiyot dasturi Yaponiya Hukumatining moliyaviy yordamida aholining himoyaga muhtoj guruhlarini qoʻllab-quvvatlash uchun zarur boʻlgan raqamli infratuzilma va xizmatlarni yaratish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga texnik koʻmak koʻrsatdi.

    Vazirlikka taqdim qilingan 100 ta noutbuk va routerlar mahalla idoralari xodimlariga hujjat yuritish tizimiga yangicha yondashuvlar, mexanizmlarni joriy qilish, shu orqali odamlar hayotini yaxshilashga imkon beradi.

    Bu tizimning afzalligi nimada?

    Koronavirus pandemiyasi butun dunyoda raqamlashtirish uchun katalizator vazifasini oʻtadi. 2020-yilda 22 foizdan ortiq mamlakatlar elektron davlat boshqaruvi boʻyicha oʻz tizimlarini takomillashtirdi. Onlayn ish tarziga oʻtish va ijtimoiy masofa saqlash qoidalari joriy etilishi aholiga xizmatlarni masofadan koʻrsatishni talab qildi. Natijada davlat xizmatlarida yondashuvlarni keskin oʻzgartirishga majbur boʻlindi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, odamlar qogʻozbozlik va korrupsiyani kamaytirishdagi, davlat xizmatlarini taqdim qilishni tezlashtirishdagi oʻzgarishlarni his etishi kerak. Buning uchun barcha darajadagi ijrochi rahbarlar raqamlashtirishni oʻz kundalik vazifasiga kiritishi talab qilinadi.

    Davlat xizmatlari pandemiya sharoitida boshqa davrlarga nisbatan yana-da samaraliroq ishlashni davom ettirishi lozimligini inobatga olinsa, mamlakatlar oʻz raqamli infratuzilmalarini rivojlantirishni davom ettirishi hamda fuqarolarni undan foydalanishga oʻrgatishi zamon talabidir.

    Oʻzbekistonda ham vazirlik va fuqarolarning mahalliy oʻzini-oʻzi boshqarish idoralari orasida axborot almashinuvini tartiblashtirish, maʼlumotlarni qayta ishlash vaqtini qisqartirish, shu orqali davlat xizmatlari koʻrsatishni tezlashtirish uchun elektron hujjat yuritish tizimi joriy qilindi. Ushbu tizim bugungi kunda 100 ta mahallada ishga tushirilgan boʻlib, mahalla qoʻmitalari maʼmuriyatlarining kundalik ishlarida sinovdan oʻtkaziladi.

    Bundan tashqari, fuqarolarni, shu jumladan, zoʻravonlikdan azob chekkan ayollarni, malaka oshirish va maqbul ish topishda yordamga muhtoj ishsiz aholini hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha vazirlikning texnik imkoniyatlarini kengaytirish uchun yagona maʼlumotlar bazasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu tizim qarorlarni qabul qilish boʻyicha oʻrnatilgan mexanizm tomonidan foydalanish uchun maʼlumotlarni toʻplaydi va tahlil qiladi. Shu orqali eng ehtiyojmandlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun ustuvorlik tartibini aniqlashga koʻmak beradi. Maʼlumotlar bazasidagi axborot, shuningdek, qoʻshimcha yoʻnalishlar boʻyicha tahlil oʻtkazish uchun boshqa davlat muassasalariga taqdim qilinadi.

    Yangilangan raqamlashtirishning birinchi bosqichida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining rasmiy veb-sayti ishlab chiqildi. Vazirlik faoliyati toʻgʻrisida maʼlumotlar hamda tegishli yangiliklar, hujjatlar joylashtirilgan mazkur veb-sayt maʼlumot va yordam olishga qiziqish bildirgan fuqarolar bilan aloqani, oʻzaro munosabatni yaxshilashga yordam beradi.