Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi qarori (367-son, 10.06.2020 yil) bilan:
- Jamiyatda “obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan
tizimni to'laqonli va samarali joriy etish, mahalla va oila institutlarini mustahkamlash sohasidagi ustuvor yo'nalishlarni shakllantirishda ishtirok etish, fanlararo fundamental, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
- Mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo'llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirishga qaratilgan kontseptsiyalarni, kompleks, maqsadli, sohaviy va hududiy dasturlarni ishlab chiqishning ilmiy-metodologik asoslarini shakllantirish;
- Mahallalar va oilalarda sog'lom va barqaror ijtimoiy-ma'naviy muhit hamda tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni ta'minlash, umuminsoniy va milliy qadriyatlarni, shu jumladan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;
- Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash sohasidagi dolzarb ilmiy muammolarga bag'ishlangan ilmiy, ilmiy-amaliy konferentsiyalar, seminarlar, yig'ilishlar tashkil etish, shuningdek, ushbu sohada yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, ilmiy xodimlarning kasbiy darajasini doimiy oshirib borish;
- O'z faoliyati yo'nalishlari bo'yichap respublikadagi ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassaslari bilan hamkorlikni amalga oshirish, xorijiy mamlakatlarning ilg'or ilmiy-tadqiqot muassalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish kabi masalalar institutning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Qaror bilan shuningdek, Institutning tuzilmasi va ustavi ham tasdiqlandi.
Institut Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda “Mahalla” o'quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot markazining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalar bo'yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.