Prezidentimizning 2019-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”ga Qaroriga asosan Toshkent viloyati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasida Axborot xizmati faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Bugun axborot makonida toʻgʻri faoliyat olib borish soha xodimlaridan katta tajriba va malaka talab etiladi. Sababi, zamonaviy kommunikatsiyalar vositasida axborot hajmi keskin ortdi, axborotni uzatish esa tezlashdi. Turli ijtimoiy tarmoqlar va OAVlardagi materiallarga oʻz vaqtida munosabat bildirilmasa, izoh berilmasa, turli mish-mishlar, tushunmovchiliklarga sabab boʻladi. Shu bois, bugungi matbuot kotiblari tezkor, bilimli va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan boʻlishi lozim.

Ana shu maqsad va vazifalardan kelib chiqib, Toshkent viloyatidagi tuman, shahar Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlarida jamoatchilik asosida Axborot xizmatlari faoliyati joriy etildi.

Hududlardagi matbuot kotiblari uchun oʻquv-seminar ham tashkil etildi. Unda matbuot kotiblarining axborot bilan ishlash koʻnikmasini takomillashtirish, axborot xavfsizligini taʼminlash, axborot xurujlari hamda ziddiyatli vaziyatlarga tayyorgarlik, mediasavodxonlik, ochiqlikni taʼminlash, ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik qilish madaniyatini rivojlantirish, ijtimoiy tarmoqlar bilan tizimli ishlashni yoʻlga qoʻyish, axborot muhitida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining ijobiy imijini yaratish kabi yoʻnalishlarda bilimlarni oshirishga qaratilgan amaliy mashgʻulotlar olib borildi.

— Bugungi oʻquv-seminar davomida kelgusi faoliyatimiz uchun muhim koʻnikmalarga ega boʻldik, tajriba toʻpladik, — deydi Angren shahar Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi matbuot kotibi Gulbahor Turdaliyeva. — Ayniqsa, ustoz jurnalistlarning bugungi kunda OAV xodimlarining, ayniqsa, matbuot kotiblarining xolis axborot tarqatishdagi muhim oʻrni mavzusida jonli muloqoti barchamizga maʼqul boʻldi. Oʻzimiz uchun nihoyatda foydali va qiziqarli maʼlumotlarni oldik. Faoliyatimiz davomida matbuot anjumanlari, brifinglar, press-turlar tashkil etish va jurnalistlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasidagi keng tushunchalarga ega boʻldik. Bilmaganlarimizni bildik, oʻrgandik, tajriba toʻpladik. Ushbu oʻquv-seminar kelgusi faoliyatimizda asqatadi.

Oʻquv-seminar yakunida barcha tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi, deya xabar beradi Toshkent viloyati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi Axborot xizmati.