Afsuski, ayrim odamlar bergan qoʻlga rahmat aytish oʻrniga tuhmat toshlarini otmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarga chiqib olib, hokimiyat va vazirliklar nomiga turli igʻvo va boʻhtonlarni uyushtiryapti.
Achinarlisi, igʻvoni tarqatishga tarqatib, ertasiga vakillar guvohlar yordamida yuzlashilgach, kechiringlar, men polonchining soʻziga ishonibman, pismadonchi shunday degani uchun uni gapiga kiribman, koʻzlarim 900 ming koʻribdi, lekin koʻzoynak bilan qarasam, 500 ming ekan kabi kurakda turmaydigan vaj toʻqimoqda. Baʼzilarining berilgan mahsulotlardan kamchilik axtarib, uyalmasdan 5 gramm kam ekan, degan gaplari odamning odamlik gʻujurini qoʻzitib yuboradi.
Ularga qarab e, odam boʻlmay satqai sar ket, uning oʻrniga keng daladek yastanib yotgan tomorqangni ishlatsang, ter toʻksang boʻlmaydimi, deging keladi. Afsuski, undalarga gap kor qilganida edi...
Chindan tomorqa xuddiki ochilmagan qoʻriq, geologlar tili bilan aytganda topilmagan kon ekan. Bu yil masofadan ishlash tizimiga oʻtilganidan keyin boʻsh vaqtim biroz koʻpaydi. Vaqtimdan hamda kichik tomorqamdan unumli foydalanish uchun bahordan yeng shimargandim.
Uyim 4 sotix. Tomorqam ham oʻziga yarasha. Koʻklamda pomidor, bodring, baqlajon, bulgʻor qalampiri, qalampir, koʻkatlar ekkanman. Koʻz tegmasin, oʻsha yerdan ancha foyda qilyapman. Bilmaganimni yutub orqali oʻrgandim. Xudoga shukr, natija kutganimdan ham aʼlo boʻldi. Dasturxonimda yangi uzilgan sabzavot doim boʻldai. Ortganini uyim yonidagi doʻkonga olib chiqib sotyapman. Daromad yomon emas, mayda harajatlarni qoplaydi.
Toʻgʻri, oramizda 3 sotixdan foyda koʻrish mumkinligini aqliga sigʻdirolmaydiganlar ham boʻlishi aniq. Lekin oilamga daromad kelib turibdi. Karantindan foydalanib, 1 hafta oldin 50 ta qopga kartoshka ekish tajribasini ham qoʻllab koʻrdim, hozir urugʻ nish urdi. Natijani hosil pishganda aytaman.
Mahalla raisi juda yaxshi inson. Har kuni tong sahardan mahalla aylanadi, kam taʼminlangan oilalar bilan gaplashishni kanda qilmaydi. Koʻproq tomorqadan foydalanish boʻyicha oʻz tajribasidan maslahat beradi. Meni ham aslida shu kishi undagan. Yaqinda oilamiz uchun yana bir yaxshilik qildi. Mahalla vazirligi bilan gaplashib 50 ta joʻja va 2 ta qoʻy olib berdi.
Hovlimning chekkasidan kichkina katak qilib pastiga qavatiga qoʻzilarni, tepasiga katak yasab joʻjalarni boqayapman.
Yana oʻsha avvaldan boshlagan gapimizga qaytsak.
Guvohi boʻlyapman. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi xodimlari har bir xonadonning holatini oʻrganib chiyapti. Oilarning sharoitidan kelib chiqib, ularga beminnat yordam koʻrsatyapti. Vazirlikning quyi kesimida “Saxovat va koʻmak” aksiyasida odamlarga oziq-ovqat, dori darmon, hattoki bolasining pampersigacha olib borib beryapti.
Milliy gvardiya xodimlari, vrachlardan kam ishlamayotgan yana bir tashkilot bor. Bu Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi boʻlib, ularga ham rahmat aytib qoʻyishni fuqaroviy burchim deb bildim.
Oddiy fuqaro N.Sultonov