Prezidentning “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 18-oktyabrdagi PF-6324-son Farmoniga muvofiq yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarini ragʻbatlantirish jamgʻarmasi tashkil etilgan.
Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilangan:
- fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining yillik mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasining (moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi mablagʻlarini inobatga olmagan holda) 10%i miqdoridagi byudjet mablagʻlari;
- xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarorlariga asosan ajratiladigan mahalliy byudjetlar qoʻshimcha manbalarining 3%i miqdoridagi ajratma;
- fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olingan mablagʻlar;
- homiylik mablagʻlari;
- qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarini ragʻbatlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni nazarda tutadi:
- Jamgʻarma mablagʻlarining shakllantirishning asosiy manbalari va ushbu mablagʻlardan foydalanishning maqsadi;
- Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan xodimlarga har oylik ustamalar belgilash va toʻlash, shuningdek, ularni mukofotlash va ijtimoiy himoya qilish tartibi;
- tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tomonidan Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisobotini yuritish, Jamgʻarma mablagʻlaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini nazorat qilish.
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan shaxsiy va ragʻbatlantiruvchi ustamalar toʻlash Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolar yigʻinlari faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2020-yil 14-avgustdagi 485-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Xususan, xodimlar reyting tizimiga asosan kelgusi chorak davomida 50 dan 100%gacha har oylik ustamalar oladilar.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 28.12.2021-yildan kuchga kirdi, deb xabar beradi «Norma».