Mahalla xodimlariga faqat "Ijtimoiy ish" yo'nalishida o'qish uchun imtiyoz berildi

    Ijtimoiy hayot 11 Yanvar 2021 4570

    2021/2022 o'quv yilidan boshlab mahalla xodimlari uchun sirtqi ta'lim bo'yicha kadrlar tayyorlash tizimi joriy etilishi yuzasidan qabul qilingan Hukumat qarori doirasida turli fikr-munozaralar kuzatilmoqda.

    Xoʻsh, aslida, qaror mohiyatan nimani nazarda tutadi?

    Birinchidan, berilayotgan mazkur imtiyoz barcha OTMlarga oʻtmaydi, qolaversa barcha yoʻnalishlarga nisbatan ham tatbiq etilmaydi.
    Yaʼni, mahalla xodimlari uchun pedagogika va moliya-iqtisod sohalaridagi OTMlarda faqat (eʼtibor bering!) “5520100 – Ijtimoiy ish (faoliyatning turli sohalari boʻyicha)” bakalavriat taʼlim yoʻnalishida sirtqi oʻqish imkoniyati berilmoqda.

    Ikkinchidan, ushbu yoʻnalishga imtiyozli ravishda qabul qilingan mahalla xodimlarining oʻqishini boshqa yoʻnalishga koʻchirishiga ruxsat berilmaydi.

    Uchinchidan, bu – mahalla xodimlari (hatto tavsiyanoma olganlari ham) oʻqishga toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilinadi degani emas. Boshqacha aytganda, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega boʻlib turib ham, kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtilmasa, mahalla organlari xodimlari talabalikka tavsiya etilmaydi.

    Toʻrtinchidan, bu boʻyicha murojaat qilgan har bir mahalla xodimi tavsiyanomali boʻlib qolmaydi.

    Yaʼni, tavsiyanoma olishning belgilangan mezonlari bor. Buning uchun mahalla xodimi:
    ● egallab turgan lavozimida soʻnggi 1 yil davomida faoliyat yuritayotgan boʻlishi;
    ● mahalla tizimida kamida 3 yillik ish stajiga ega boʻlishi;
    ● faoliyat yuritayotgan mahalla organi reyting koʻrsatkichi boʻyicha “namunali” deb topilgan boʻlishi kerak.

    Qolaversa, mahalla xodimi ijobiy tavsiflanganmi, ish faoliyati ijobiy baholanganmi, unga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanilmaganmi – shular ham taviyanoma berishda inobatga olinadi.

    Bir soʻz bilan aytganda, mazkur qarordan koʻzlangan asosiy maqsad mahalla organlarini yetuk va malakali mutaxassislar bilan toʻldirish, mahalla organlari xodimlariga ish faoliyatini davom ettirgan holda taʼlimni ish bilan birga olib borish uchun sharoit yaratib berish koʻzlangan. Asosiy muddao shu.

    Adliya vazirligi
    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi