“Mahallabay” ishlash boʻyicha yangi tizimni tashkil etish va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi

    Hukumat 26 Yanvar 2021 14282

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-yanvar kuni joriy yilda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

    Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida qayd etilganidek, 2021-yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti kamida 5 foiz oʻsishi maqsad qilingan. Biroq, global iqtisodiyotdagi noaniqlik uzoq davom etishi mumkinligi iqtisodiy oʻsishning qoʻshimcha zaxiralarini topish va safarbar qilishni talab etmoqda.

    Shu bois Prezidentimiz barcha darajadagi rahbarlarga oʻz sohasi boʻyicha mahallalardagi holatni oʻrganish, “oʻsish nuqtalari”ni aniqlab, ularni rivojlantirish vazifasini qoʻymoqda.

    Yigʻilishda shu boradagi chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish mexanizmi muhokama qilindi.

    Iqtisodiy kompleks vakillarini mahallaga tushirib, vertikal tizimni, barcha organlar faoliyatini oʻzaro muvofiq yoʻlga qoʻyish kerakligi taʼkidlandi.

    Davlatimiz rahbari bu tizimga jalb qilinadigan mutaxassislarning bilim va imkoniyati masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. 20 mingdan ortiq xodimni oʻqitib, ularga masalani joyida hal etish boʻyicha barcha vakolatlarni berish muhimligi qayd etildi.

    Davlat boshqaruvi akademiyasiga mahalla raislari va mazkur tizimda ishtirok etadigan barcha xodimlar uchun oʻquvlar tashkil qilish, buning uchun maxsus dastur va qoʻllanmalar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

    Har bir rahbarning mazkur tizimdagi shaxsiy masʼuliyati va javobgarligini belgilash, barcha jarayonlarga koʻmaklashuvchi onlayn elektron platforma yaratish zarurligi taʼkidlandi.

    Prezident kambagʻallikni qisqartirish masalasiga yana bir bor toʻxtalib, mutasaddilarga aholini tadbirkorlik va kasb-hunarga oʻqitish, bandligini taʼminlash yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

    Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi rahbarlari 2021-yilda har bir tarmoq va hudud kesimida iqtisodiy oʻsishning qoʻshimcha manbalari toʻgʻrisida hisobot berdi.

    Yigʻilishda ushbu rezervlarni toʻliq ishga solib, qoʻshimcha iqtisodiy oʻsishga erishish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash choralari koʻrib chiqildi.

    Asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli boʻlishini taʼminlash, narx oshishiga taʼsir koʻrsatadigan omillarning oldini olish masalalariga yana bir bor toʻxtalib oʻtildi.

    Sanoatda ham qoʻshimcha rezervlar aniqlangan. Ayniqsa, asosiy “drayver” boʻlgan kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari, toʻqimachilik, charm-poyabzal sohalarida “sanoat zanjirlari”ni uzaytirish kerakligi taʼkidlandi.

    Shuningdek, yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish, xarajatlarni va boshqaruv tizimini optimallashtirish boʻyicha vazifalar qoʻyildi.

    Xizmatlar sohasida ham ishga solinmagan imkoniyatlar koʻp. Prezidentimiz ularni toʻliq safarbar etib, hududlarda servis shoxobchalarini koʻpaytirish, yangi zamonaviy xizmat turlarini kengaytirish zarurligini taʼkidladi. 2021-2023-yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturiga yoshlar keng jalb etilishi belgilandi.

    Yigʻilishda investitsiya loyihalari ijrosiga ham toʻxtalib oʻtildi. Joriy yilgi Investitsiya dasturi doirasida 1 ming 752 ta obyekt uchun qariyb 18 trillion soʻm byudjet mablagʻlari ajratilgan. Bu mablagʻlardan oqilona foydalanish, loyiha hujjatlarini puxta ishlab chiqish va qurilishlar sifatini taʼminlash boʻyicha qatʼiy koʻrsatmalar berildi.

    Mutasaddilar iqtisodiy kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning oʻrta va quyi boʻgʻinini mahallagacha tushirib, aholiga yaqinlashgan ish tizimini yoʻlga qoʻyish rejalari boʻyicha axborot berdi.