Seminarda mahallabay ishlash tizimi orqali mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularda oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish, aholining daromad manbalarini koʻpaytirish va ishsizlikni bartaraf etish, shuningdek, mahallalarning “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash va yangi tadbirkorlikni, jumladan, drayver loyihalarni amalga oshirishda tashabbuskorlarga koʻmaklashish borasida qilinayotgan ishlar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, keyingi paytda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, mahallalarda biznesni yoʻlga qoʻyish istagida yurgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash, band boʻlmagan aholining, ayniqsa, ishsiz yoshlar va xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish orqali ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻrgatuvchi kurslarga yoʻnaltirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilyapti.

Shuningdek, hududlarda “mahallabay” ishlash tizimini joriy etish orqali aholining daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlash mexanizmlarini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy koʻmaklashishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishi 2020-yilda davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Prezidentimiz tomonidan xalqaro tajribadan kelib chiqib kambagʻallikni qisqartirishning taʼsirchan vositalarini amaliyotga joriy etish, uni hisoblashning mezon va usullarini hamda uzoq muddatga moʻljallangan strategiyasini ishlab chiqish kabi qator vazifalar belgilab berildi. Qolaversa, mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirishning institutsional asoslari yaratilib, ushbu masalalarni muvofiqlashtiruvchi vazirlik hamda shu yoʻnalishda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boruvchi ilmiy markaz tashkil etildi.

Bugungi kunda ham mahallani eng quyi pogʻonadagi xalqparvar tuzilmaga aylantirish, “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyili asosida ijtimoiy muammolarni hal qilish boʻyicha keng qamrovli ishlar olib borilayotir.