Mahallada duv-duv gap

    Agar bu oʻzgarishlar boʻlmaganida, mahallaning ayollari Oyposhshodek otlarini boshqa qoʻyishi hech gap emasdi. Yaxshisi, gapni bir boshidan tinglay qoling.

    Mahallada har qaysi voqea-hodisa ham duv-duv gap boʻlavermaydi. Buni mahalladoshlar juda yaxshi biladilar. Ammo Nurafshon shahridagi “Obod turmush” mahallasida duv-duv gap oyoq chiqarib, kezib yuribdi, desak, mubolagʻa boʻlmasdi. Agar bu oʻzgarishlar boʻlmaganida, mahallaning ayollari Oyposhshodek otlarini boshqa qoʻyishi hech gap emasdi. Yaxshisi, gapni bir boshidan tinglay qoling.

    Mahalladagi bu oʻzgarishlar shaharga yangi hokim kelganidan soʻng boshlandi, deyish mumkin. Mazkur hudud, 2019-yilda “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan boʻlishiga qaramay va nomida “obod” soʻzi boʻlgani bilan yozda chang, qishda loy boʻlgan koʻchalarga qarab boʻlmasdi. Na fayz na tarovat bor. Shu yilning koʻklamida ham mahallaga qadam bosgan kishining koʻnglidan yoqimsiz behuzurliklar oʻtishiga hecham shubha yoʻq edi.

    Nurafshon shahri hokimi M. Saliyev oʻnlab yillar davomida aholining bunday sharoitda yashab kelayotganini bilib, zudlik bilan masʼul idora mutasaddilariga zarur topshiriqlar berdi va mahalliy byudjetdan kerakli mablagʻ ajratildi. Oradan yarim yil oʻtdi yo oʻtmadi, ammo maskanda misli koʻrilmagan bunyodkorlik, tozalash va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Bu yangilanishlar obodlikning yangi ufqlariga debocha boʻldi.

    Obodlik ufqlari

    “Obod turmush” mahallasida 42 ta uy boʻlib, ulardagi 634 ta xonadonda 2177 kishi istiqomat qiladi.

    – Shu mahallada yashayotganimga ham qariyib oʻn yillar boʻlib qoldi. Shuncha yildan beri bu yerda kanalizatsiya borligini bilmaganman, hatto xayolga ham kelmasdi, – deydi “Shon-shuhrat” koʻchasidagi 17-uy 4-xonadon sohibi Bahodir Xoʻjayev. – Biroq bugungi oʻzgarishlar hammamizga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlayapti. Mana bolalar maydonchasi, oʻrindiqlar ham oʻrnatildi. Boʻlarkan-u, nevaralarimizning quvonchini bir koʻrsangiz edi. E, baraka topishsiney.

    Mahallaga asos solinib, 18 ta ikki qavatli uylar qurilganiga yarim asrga yaqin vaqt oʻtgan boʻlsa, bordir. Biroq, shunda yillardan beri bu yerdagi uylar na kanalizatsiyaga va na toza ichimlik suviga ulangan. Koʻp qavatli uylar atrofini qingʻir-qiyshiq, noqonuniy qurilishlar egallab olgan, aholi esa oddiy ichimlik suvini ellik metrdan yaqin boʻlmagan markaziy quduqlarlar tashib ichardilar.

    – Olib borilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari natijasida yashab turgan hududimiz, yangi qiyofa kasb etganini katta mamnuniyat bilan eʼtirof etish kerak, – deydi “Obod turmush” mahallasi raisi Shuhrat Rahmatov. – Oʻtgan qisqa fursat davomida har bir xonadon kanalizatsiyaga ulanib, xonadonlarga issiqlik tizimi oʻrnatildi va har bir uy ostonasiga toza ichimlik suvi quvurlari yetkazildi. 1980-1990-yillardan beri yirik shaharning qoq markazidagi bu mahallada kanalizatsiya ham, isitish tizimi ham mutlaqo mavjud boʻlmaganini hisobga olsak, yangi Oʻzbekistonda “mahallabay” ishlashning amaliy natijasiga guvoh boʻlgan boʻlamiz.

    Nomiga monand obod mahalla

    Noqonuniy qurilishlar, turli chiqindixonalar, bir soʻz bilan aytilsa, kishi koʻrganda dilini xufton qilguvchi manzaralardan iborat boʻlgan “Obod turmush” mahallasi yangi qiyofa ochyapti. 18 ta ikki qavatli uylarning har birining oldida yaqinida bolalar maydonchalari qurildi. Shuningdek, keksalarning hordiq olishlari uchun qulay sharoitlar muhayyo qilindi.

    – Obodonlashtirish ishlari uchun uchun jami 2 milliard soʻm mablagʻ mahalliy byudjet hisobidan ajratildi, – deydi Nurafshon shahri Uy-joy va kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimi boshligʻi Adham Abduvaliyev. – 18 ta xonadonning har biriga “aqlli qozonxona” lar oʻrnatildi. Qozonxonalar toʻliq elektrlashtirilgan tartibda ishlashi va energiya tejamkorligi bilan ajralib turadi. Italiyada ishlab chiqarilgan ushbu “aqlli qozonxon”lar bir oyda yuqori bosim bilan ishlagan taqdirda ham atigi 1200 kub gaz sarf etadi. Bu, albatta, aholiga qulaylik yaratmay qolmaydi.

    – 2005-yil shu mahallaga koʻchib kelgan boʻlsak, dastavval ozroq afsuslanganmiz-u, ammo bora-bora koʻnikkanmiz. Ochigʻi, atrofning chiqindiligi, kommunal xizmatlarning sifatsizligiga ham beeʼtibor qaray boshlagandik, – deydi Shahodat aya Xoʻjayeva. – Mana endi bu oʻzgarishlarni koʻring. Mutasaddilarga raxmat!

    Koʻzyoshli kunlarim ortda qoldi

    Mazkur mahalla raisi Shuhrat Rahmatovning soʻzlariga koʻra, ushbu maskandagi 61 va unga tutash bir nechta uyda umuman tom boʻlmagan ekan.

    – Hozir shu uylarning tomini hovuz qilib, baliq boqsangiz boʻladi, istasangiz plyaj qiling, – deya mutoyiba qiladi mahalla raisi.

    Haq rost, tomning yopilgani bir yon boʻldi-yu, uning Rossiya texnologiyasi asosida yopilgani yana bir yon boʻldi. Boisiki, odatiy tarzda ushbu uy tomlarining yopilishi xomashyo bilan birga oʻrtacha 180-200 million soʻm talab etsa, oʻzlashtirilgan yangi texnologiya asosidagi ish uchun esa atigi 60 million mablagʻ sarflanadi.

    – Ushbu innovatsion usul shahrimiz hokimi tashabbusi bilan roʻyobga chiqarildi. Hatto, Muzaffar Xoldorboyevich tom yopilishini ham oʻzi, tomda turib nazorat qildi, – deya qoʻshimcha qildi Shuhrat Rahmatov.

    – Men shu uyda 2013-yildan beri yashayman, – deya mahalladagi 61-uyning 4-xonadonini imlab koʻrsatdi Sayyora opa Mirahimova. – 2013-yildan beri tomdan chakki oʻtardi. Har yili kuz kelganida yuragimni hovuchlab oʻtirardim. Yomgʻir yogʻdi deguncha turmush oʻrtogʻim bilan togʻoralarni uyga yoyib chiqamiz. U yoq togʻora, bu yoq togʻora, gilamlarim mogʻor bosib ketgan. Alam qilganidan yigʻlab yuborardim. Yomgʻir yogʻishi bilan yigʻlardim. Ming shukrki, koʻzyoshli kunlarim ortda qoldi! Bu yilgi yogʻin-sochinli kunlarni bemalol qarshilaymiz. Uy tomi yopildi, atrof sarishta. Ikki nevaram bor, ikkisi ham xursand.

    Sayyora opaning uyi shiftiga qarab, chakki izlarini koʻriboq chuqur xoʻrsinasiz.

    – Xoʻsh, bu oʻzgarishlar yoqyaptimi, Sayyora opa?

    – Albatta yoqyapti! Men sizlarga aytsam, mana shu yerning oʻzidan 15 ta yuk mashinasida chiqindi chiqdi, ishonasizmi? – deya, uy roʻparasini koʻrsatdi Sayyora opa. – 15 mashina chiqit-a! Hozir qoʻshnilarimiz bilan atrofni orasta saqlayapmiz. Gullar ekdik. Oʻzimizdan boshqa birov qilmas ekan. Mahalladagi birinchi bolalar maydonchasi bizning uyimiz qarshisida qurildi. Bolalarimiz mazza qilyapti.

    Bu oʻzgarishlarda shahar Obodonlashtirish boshqarmasining ham katta hissasi bor. Shavkat Alimov rahbarligidagi Obodonlashtirish boshqarmasining xodimlari Marhabo Faxriddinova brigadirligida daraxtlarga shakl berib, mahallaning fayziga fayz qoʻshmoqda.

    Agar istagan obodturmushliklardan bu oʻzgarishlar taassuroti-yu surari haqida soʻrasangiz, ular ham ikkilanmay toʻlqinlanib soʻz boshlaydilar. Bugun “Obod turmush” mahallasida duv-duv gap boʻlayotgan soʻzlar shular edi. Nima ham derdik, havas qilamiz! Nafaqat Nurafshonning balki yurtimizning barcha goʻshasi, barcha mahalla-yu koʻchasi orasta va goʻzal maskanga aylansin!

    Otabek ISROILOV,

    jurnalist