Bunda qaysi mahallada aholi yoʻl, suv, maktab, bogʻchani taʼmirlashni boshlagan boʻlsa, xarajatining yarmini davlat koʻtaradi. Bu maqsadlar uchun kelgusi yilda yana 1 mingta loyihaga 500 milliard soʻm ajratiladi.
Prezidentimiz bu borada yana bir yangilikni eʼlon qildi. Joriy yildan boshlab Soliq qoʻmitasi yer va mol-mulk soliqlarini toʻlanganlik darajasiga qarab, “Eng yaxshi soliq toʻlovchi mahalla” reytingini eʼlon qiladi.
Bunda 100 talikka kirgan mahallaga “Tashabbusli byudjet”ning yangi tizimi boʻyicha infratuzilma xarajatining 75 foizi byudjetdan toʻlab beriladi. Shuningdek, ushbu mahallalarning har biriga qoʻshimcha 2 milliard soʻmdan ajratiladi.
Qonunchilik palatasi deputatlariga oʻz okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga 3 milliard soʻmdan mablagʻ beriladi.
Mahalla hududida sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilish boʻyicha jarimalarning 10 foizi mahalla byudjetiga yoʻnaltiriladi. Mahallalar byudjetiga 2026-yildan boshlab har yili 200 milliard soʻmdan ajratiladi.
“Ana shu aytib oʻtgan beshta manba hisobidan kelgusi bir yil uchun 2 mingta mahallaga qoʻshimcha 8,5 trillion soʻm mablagʻ beryapmiz”, – dedi Prezident.