Oʻzbekistonda mahallalarning nomlarini belgilash, chegaralarini aniqlash va ularni elektron tizimga kiritish ishlari qatʼiy qonuniy asosda amalga oshirilmoqda. Davlat kadastrlari palatasi Respublika toponimika boshqarmasi boshligʻi Jahongir Jasanovning taʼkidlashicha, bu jarayon mahallalar faoliyatini tartibga solish va boshqaruvda shaffoflikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Amaldagi tartibga koʻra, mahallalarni tuzish, birlashtirish yoki tugatish ishlari Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori hamda fuqarolar yigʻinlari takliflari asosida, Xalq deputatlari kengashlari qarorlari bilan hayotga tatbiq etiladi. Mahalla nomlarini tanlashda fuqarolar tashabbusi va mahalliy muassasalarning iltimoslari asosiy omil hisoblanadi. Kadastr agentligi esa ushbu nomlarning qonunchilik talablariga mosligini davlat ekspertizasidan oʻtkazadi.
Jarayonning shaffofligini taʼminlash maqsadida tuman va shahar hokimliklari qoshidagi idoralararo doimiy komissiyalar har bir taklifni joyiga chiqib oʻrganadi. Faqat asosli deb topilgan xulosalargina yuqori kengashlarga taqdim etiladi.
Hozirga kelib, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va Kadastr agentligi hamkorligida 9 008 ta mahallaning chegaralari xatlovdan oʻtkazilib, ularning yagona geoaxborot bazasi shakllantirildi. Shuningdek, 1 974 ta mahallaning nomi davlat ekspertizasidan oʻtkazilib, rasman oʻzgartirildi. Maʼlumotlarning raqamlashtirilishi kelajakda hududlarni boshqarish va aholiga ijtimoiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirishga xizmat qiladi.