Shu munosabat bilan, 2025-yil 3-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan muhim hujjatlardan biri bo‘ldi.

Mahallalarda xavfsiz muhit yaratishning ahamiyati

Mahalla – jamiyatimizning asosiy boʻgʻini boʻlib, unda fuqarolarimizning kundalik hayoti kechadi. Mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlash nafaqat jinoyatchilikning oldini olish, balki aholining farovonligi va osoyishtaligini saqlashda muhim rol oʻynaydi. Shu sababli, mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimini takomillashtirish dolzarb vazifa hisoblanadi.

Mazkur Qaror bilan 2025-yilda “har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Ushbu maqsadga erishish uchun quyidagi mexanizmlarni joriy etish nazarda tutilmoqda:

Kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish: 2024-yilda jinoyat sodir etilgan har bir mahallada kriminogen vaziyatni tahlil qilish va manzilli chora-tadbirlarni belgilash orqali mahalla – tuman – viloyat darajasida masʼul rahbarlarni biriktirish.

Ilmiy-amaliy yondashuvlarni joriy etish: Kriminogen vaziyat ogʻir boʻlgan mahallalarda ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida oʻrganishlar oʻtkazish va huquqbuzarliklarga sabab boʻlayotgan omillarni aniqlash hamda bartaraf etish boʻyicha tashkiliy-huquqiy choralarni koʻrish.

“Mahalla yettiligi” tizimi: Yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishda “mahalla yettiligi” har bir vakilining aniq masʼuliyatini belgilash va yangi ish uslublarini tatbiq etish.

Aholining huquqiy ongi va ijtimoiy faolligini oshirish: Jinoyatlarning oldini olishda jamoatchilik vakillari, nuroniylar va mahalla faollarini keng jalb etish orqali aholining huquqiy ongi va ijtimoiy faolligini oshirish.

Raqamli texnologiyalarni joriy etish: Mahallalarda jamoat joylari, yashash xonadonlarida xavfsiz muhit yaratish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va texnik vositalarni keng joriy etish.

Nazorat tizimini kuchaytirish: Har bir masʼul idora va muassasa tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijalari yuzasidan qatʼiy soʻrov tizimini yoʻlga qoʻyish.

Bundan tashqari, Qarorda huquq-tartibot idoralarining ilmiy tashkilot va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda jinoyat sodir etilgan mahallalarda ilmiy yondashuvlar asosida oʻrganishlar oʻtkazishi belgilangan. Bu huquqbuzarliklarga sabab boʻlayotgan omillarni joyiga chiqqan holda chuqur tahlil qilish va samarali profilaktika choralari ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Mahalla xavfsizligini taʼminlash nafaqat davlat organlari, balki aholining oʻzidan ham faol ishtirokni talab qiladi. Qarorda belgilanganidek, mahalla yettiligi tizimining samarali ishlashi uchun fuqarolar oʻz mahallalarida huquqbuzarliklarning oldini olishga yordam berishi lozim.

Prezidentning mazkur qarori mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim hujjatdir. Mazkur qaror orqali mahallalarda xavfsiz muhit yaratish boʻyicha tizimli yondashuv ishlab chiqildi. Bu huquqiy hujjatning toʻgʻri va samarali ijro etilishi orqali jamiyatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish, tinch va osoyishta hayotni taʼminlash mumkin boʻladi. Har bir fuqaro oʻz mahallasining xavfsizligi uchun javobgarlikni his qilib, jamiyat taraqqiyotiga hissa qoʻshishi lozim.

 

 

Sunnat Maxmudov,

Xazratali Qudratillayev,

Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat-protsessual

huquqi kafedrasi o‘qituvchilari