Mahallalardagi mikromarkazlar uchun joylarni e-auksion.uz portali orqali ijaraga olish mumkin

    Mamlakatimizda 6 Oktabr 2023 998

    Hozirgi paytda mikromarkazlar tashkil etish uchun 29 ta davlat obyekti hamda 303 ta yer uchastkalari savdoda turibdi. Tadbirkorlar e-auksion.uz portalidan roʻyxatdan oʻtgan holda ularni ijaraga olishi mumkin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik mikromarkazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Qarori (PQ–331-son, 25.07.2022-y.)ga asosan jami 421 ta mahallada yuridik shaxs maqomiga ega sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik mikromarkazlari davlat mulki obyektlari va yer uchastkalarida tashkil etilishi belgilandi.

    Qarorga koʻra tadbirkorlarga mikromarkazlar uchun joy elektron onlayn-auksion orqali 5 yil muddatga ijaraga beriladi. Bunda oʻz mablagʻlari hisobidan obyektni rekonstruksiya qilish yoki kapital taʼmirlash yoxud yer uchastkasida bino-inshootlarni qurish, mikromarkazda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha kamida 10 ta yoki chorvachilik yoʻnalishi boʻyicha kamida 3 ta ish oʻrnini yaratish va taʼminlab borish shartlarini qabul qilishlari talab etiladi.

    Mikromarkazlar foydalanishga topshirilgan kundan 3 yil muddatga tashkil etilgan mikromarkaz obyektlari va ular joylashgan yer uchastkalari boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va mol-mulk soligʻi uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qoʻllaniladi.

    Qaror talablaridan kelib chiqib, “e-auksion” elektron savdo platformasida davlat mulki obyektlari va yer uchastkalarini mikromarkazlar faoliyatini tashkil etish uchun ijaraga berish maqsadida alohida modul ishlab chiqilib, hisobot davrida umumiy hisobda 61 ta davlat mulki obyekti hamda 522 ta yer uchastkalari (jami 21,01 ga) savdoga chiqarilishi taʼminlandi.

    Boshlangʻich narxi 145,4 mln. soʻm boʻlgan 32 ta davlat obyekti 796,9 mln soʻmga sotilgan boʻlsa, boshlangʻich narxi 2,7 mlrd soʻmlik 219 ta (9,7 ga) yer uchastkasi 6,7 mlrd soʻmga sotildi.

    Hozirgi paytda mikromarkazlar tashkil etish uchun 29 ta davlat obyekti hamda 303 ta yer uchastkalari savdoda turibdi. Tadbirkorlar e-auksion.uz portalidan roʻyxatdan oʻtgan holda ularni ijaraga olishi mumkin.