“Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan 2021-yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni manzilli qoʻllab-quvvatlashga 1,5 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarf etildi. Yana shuncha mablagʻ boquvchisini yoʻqotgan, voyaga yetmagan yetimlar, yakka-yolgʻiz qariyalar, nogironlar hamda tabiiy ofatlardan aziyat chekkan yurtdoshlarimizga moliyaviy yordam koʻrsatishga yoʻnaltirildi. “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashovchi vatandoshlarimiz hamda ehtiyojmand aholi qatlamiga salkam 1 milliard soʻmlik kiyim-kechak mahsulotlari olib berildi.
Fond nafaqat ehtiyojmand aholini qoʻllab-quvvatlash, balki fuqarolar yigʻinlari faoliyatini zamon talablariga moslashtirish, mahalla idoralarini mebel va kompyuter jihozlari bilan taʼminlashga ham jiddiy eʼtibor qaratdi. Jumladan, 2021-yilda 4 mingdan ortiq mahalla idoralarining kommunal toʻlovlardan boʻlgan 2 milliard soʻmdan ziyod qarzdorligi fond hisobidan qoplab berildi. Fuqarolar yigʻinlarini kompyuter va mebel jihozlari bilan taʼminlashga esa 6,5 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirildi.
Mahalla idoralarining ish samaradorligini oshirish bevosita u yerda mehnat qilayotgan xodimlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga bogʻliq. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 19 ming nafardan ziyod mahalla xodimlariga qariyb 33 milliard soʻmlik bir martalik moddiy yordam pullari ajratildi.
Oʻtgan yildan boshlab bir xayrli ishga qoʻl urildi. “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni sohiblari fond mablagʻlari hisobidan “Navbahor sihatgohi”da davolanishi va dam olishlari tashkillashtirilmoqda. Sihatgohda yil davomida 500 nafarga yaqin “Mahalla iftixori”lari bepul hordiq chiqardi. Joriy yildan boshlab jonkuyarligi, fidoyiligi va vatanparvarligi bilan mahalladoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan yurtdoshlarimiz, fond tizimida yuqori koʻrsatkichlarga ega boʻlgan xodimlarga ham sihatgohda bepul dam olish imkoniyatlari yaratiladi.
Mamlakatimizda “Yashil yillik” umummilliy tadbiriga start berildi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi mazkur loyihada faol qatnashishni rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 1 millionga yaqin mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini ekish moʻljallangan. Shuningdek, yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi Navroʻz bayrami munosabati bilan xayriya tadbirlar yanada koʻpayadi.