Аssalomu alaykum.

Hurmatli  Shavkat Miromonovich!

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentligiga boʼlib oʼtgan saylovdagi ishonchli gʼalabangizni mahallamizda yashaydigan har bir fuqaro juda katta mamnuniyat va xursandlik bilan qarshi oldi. Bu munosib tanlov, odil va adolatli gʼalaba. Bu gʼalabadan bizning ikki karra, balki undan ham koʼproq iftixor qilishga, faxrlanishga asosimiz bor, deb oʼylaymiz.  

Prezident qadami yetgan joyga qut-baraka, fayzu tarovat yogʼilaveradi. Buni bizning mahallamiz timsolida ham yaqqol koʼrsa boʼladi. 

Siz joriy yilning oʼzida mahallamizga ikki marta tashrif buyurdingiz. Natijada, mahallamiz oʼz nomiga monand ravishda Chirchiqning iftixoriga aylanib bormoqda.

Ochigʼi, shu yil 18 mart kuni mahallamizdagi mavjud ahvol bilan tanishganingizda, koʼp savollarga javob topolmay, koʼzimiz bilan yer chizib qolgan edik. Chindan ham, mahallamiz koʼp yillar davomida eʼtibordan chetda qolgan, odamlarning yashash sharoiti bilan bogʼliq muammolar koʼpligidan juda xijolat boʼlgandik.

Siz esa bizni koyish, tanbeh berish oʼrniga, aholi bilan samimiy suhbat qildingiz, qadam-baqadam yurib, muammolarni koʼrdingiz, ularni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga aniq koʼrsatmalar berdingiz. Odamiylik mezoni bundan ortiq boʼlmaydi.

Mahallamiz oradan oʼtgan qisqa vaqt ichida tanib boʼlmas darajada oʼzgarib ketdi. Kommunal tarmoqlar butunlay yangilandi. Mavjud 16 ta koʼp qavatli uyga zeb berildi. Hovlilarimizda bolalar oʼyingohlari, sport maydonchalari barpo etildi, avtoturargohlar qurildi. 5 kilometrga yaqin koʼchalarimiz asfalьtlandi, tungi yoritkich chiroqlari oʼrnatildi. Bir soʼz bilan aytganda, keng koʼlamdagi obodonlashtirish va koʼkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Bolalar bogʼchasi, umumtaʼlim maktabi toʼliq taʼmirlandi. Toʼgʼrisi, bundan bir yil avval ham taʼlim-tarbiya muassasasidagi ahvol achinarli edi. Televizorda obod boʼlayotgan hududlardagi maktab va bogʼchalarni koʼrib, havasimiz kelardi. “Qaniydi, bizning farzandlarimiz ham shunday bogʼchalarga borsa, shunday maktablarda oʼqisa”, deb orzu qilardik. Mana, oradan hech qancha vaqt oʼtmay, orzumiz amalga oshdi.  Farzandlarimiz endi zamonaviy t aʼlim-tarbiya maskanlari tomon oshiqmoqda.

Keyingi tashrifingiz chogʼida Chirchiq shahrini, shu jumladan, mahallamizni eng namunali hududga aylantirish boʼyicha mutasaddilarga koʼrsatmalar berdingiz. Sizning saʼy-harakatingiz bilan bugun mahallamizda 39 ta koʼp qavatli uy, 50 ta ikki qavatli kottej  qurilmoqda. Kelgusida yana 56 ta koʼp qavatli uy qad koʼtaradi. Shu tariqa “Yangi Oʼzbekiston” massiviga munosib goʼzal, yashashga har tomonlama qulay goʼsha paydo boʼladi.

Mahallamizni obod va xavfsiz hududga aylantirish — bosh maqsadimiz. Uning xavfsizligi va  obodligini taʼminlab bermoqdasiz. Bu bilan faqat hududimiz emas, balki mahallamizda yashaydigan har bir fuqaroning, har bir chirchiqlikning koʼngli obod boʼldi, nurga toʼldi. Zero, obodlik inson qalbidan boshlanadi. Mana shu tuygʼu zamirida odamlarimizda ertangi kunga ishonch, mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʼlamli islohotlarga cheksiz xayrixohlik, bir soʼz bilan ifodalaydigan boʼlsak, odamlardagi rozilik 
tuygʼusi mujassamligini mamnuniyat bilan eʼtirof etishni istadik.

Hurmatli Prezident! Sizni yana bir karra katta gʼalaba bilan tabriklaymiz. El-yurtimizga, jumladan, mahallamiz ahliga koʼrsatgan yuksak eʼtiboringiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Xalqimiz baxtiga hamisha sogʼ va omon boʼling.

Sizga cheksiz hurmat va minnatdorlik tuygʼusi bilan:

Chirchiq shahridagi “Yangi iftixor” MFY faollari.