Hujjat bilan Tanlovni tashkil etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unga asosan, tanlov har yili 10 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi. Tanlovda amaliy ish tajribasiga ega va mahalladagi yoshlar yetakchisi lavozimida kamida bitta mahallada olti oy davomida faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari ishtirok etishlari mumkin.
Har yili 5 sentyabrga kadar Yoshlar ishlari agentligining rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risida e’lon beriladi.
Ro‘yxatdan o‘tish har yili 5 sentyabrda boshlanib, 30 sentyabr kuni yakunlanadi.
Tanlovning bosqichlari quyidagi tarzda o‘tkaziladi:
tuman (shahar) saralash bosqichi – oktyabr oyida;
hududiy saralash bosqichi – noyabr oyida;
respublika final bosqichi – dekabr oyining birinchi o‘n kunligida.
Respublika final bosqichi g‘oliblari quyidagi imtiyozlarga ega bo‘ladilar:
yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish;
rivojlangan xorijiy davlatlarning sohaga oid ta’lim tashkilotlariga malaka oshirishga yuborish.
Bundan tashqari, ular "Mahalla iftixori" ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga tavsiya etiladi.
Shuningdek, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
tanlov Tashkiliy qo‘mitasining tarkibi;
tanlovning tuman (shahar) va hududiy bosqichlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha komissiyalarning namunaviy tarkiblari.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 21.11.2023 yildan kuchga kirdi.