Parkentlik Marjona Qiyomova ancha-muncha yigitlardan shaxdli, desak xato boʻlmaydi. U Xalq demokratik partiyasi aʼzosi, Parkent tumani yoshlar qanoti raisi.

Ayni paytda Toshkent tibbiyot akademiyasining 1 bosqich talabasi boʻlgan qahramonimiz Chirchiq tibbiyot kollejida oʻqiyotgan kezlari “Yoshlar” radiosi faoliyatini yoʻlga qoʻyib, 2 yil davomida har kuni katta tanaffus vaqtida 40 minut boshlovchilik qilgani uning tashabbuskor va irodali ekani koʻrsatadi. Soʻzamollik, jurnalistik qobiliyat shakllanib borar ekan, Marjonada oʻz-oʻzidan tanlovlarda ishtirok etish istagi kuchayadi. 2018-yilda “Yuksak maʼnaviyatli avlod yurt kelajagi” festivalining “Badiiy ijod” yoʻnalishida oʻzini sinab koʻrdi. Intilganga tole yor, deganlaridek, natija Marjona kutganidan ham ziyoda boʻldi. 1 oʻrin.

Shu yili dekabr oyida Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan “Konstitutsiya bilimdoni” tanlovida ham Chirchiq shahrida birinchilikni qoʻlga kiritdi. Ilk muvaffaqiyatlar unga yanada kuch bagʻishlab, ijodkorlik salohiyatidan tashqari intellektual qobiliyatini ham oʻstirib borishga kirishdi. Buning isboti oʻlaroq, 2019-yil Toshkent viloyati Kasb-hunar kollejlari va Akademik litseylari oʻrtasida oʻtkazilgan ona tili fan olimpiadasida 2 oʻrinni egallagan boʻlsa, 2020-yil Respublika OTMlari oʻrtasida oʻtkazilgan olimpiadada hayvonlar biokimyosi fanidan ishtirok etib, faxrli oʻrin va maxsus sertifikatga ega boʻldi. Shuning uchunmi, yoshgina qiz Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent filialida qisqa muddat boʻlsa-da ishlashga ham ulgurdi.

Oʻtgan yili talabalik baxtiga muyassar boʻlgan qahramonimiz bu davrni ham muvaffaqiyatlar bilan boshladi. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda “Ulugʻbek” jamgʻarmasi tomonidan oʻtkazilayotgan “Mirzo Ulugʻbek vorislari” Respublika koʻrik-tanlovining 1, 2 bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtdi. “Statsionar va portativ ultratovush qurilmalarini ishlab chiqarish va takomillashtirish” loyihasi ham tanlovda muvaffaqiyat qozondi. Shuningdek, “Mutaxassislik boʻyicha eng yaxshi talaba” nominatsiyasida 1 oʻrinni,Eng yosh kashfiyotchi talaba” nominatsiyalariga munosiblik ham unga ham ilhom, ham kuch beraverdi. Shu maʼnoda Marjona Tibbiyot akademiyasida ham u darrov koʻzga tashlandi, qoldi. Oliygoh uni yanada shakllantirib, yangi-yangi qirralarini kashf etdi, deyishga asos bor. Chunonchi, Akademiyada taʼsis etilgan “Zulfiya” stipendiyasiga sazovor boʻlgan tirishqoq talaba xalqaro talabalar konferensiyalari, ilmiy anjumanlarda faxrli oʻrinlarni qoʻldan bermay kelyapti. Xalqaro va Respublika jurnallarida 10 dan ortiq ilmiy maqola, koʻplab sherlari, 1 ta oʻquv metodik qoʻllanmasi chop etilgan.

Marjona oʻzining tengdoshlari, umuman, barcha yoshlarning muvaffaqiyatlarga erishishi, buning uchun koʻproq mutolaa qilishini istaydi. Eʼtiborlisi, u oʻz mahallasidagi bolalarning oʻqimishli, ziyoli boʻlishi uchun nimalar qila olishi haqida koʻp oʻylanadi. Akademiyada oʻtkazilgan “Mahallam — mening faxrim” tanlovida ham 1 oʻrin sohibasi boʻlgani uning mahallasiga ne chogʻli muhabbatli ekanini ham anglatadi.

Shu maʼnoda Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi kichik loyihalar uchun grantlar tanlovini eʼlon qilganda, Marjona oʻylanib oʻtirmay qadrdon mahallasi “Kumushkon”da kutubxona ochish loyihasi bilan ishtirok etdi. Yurtimizdan 200 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashgan mazkur tanlovda Germaniya elchixonasi uning loyihasini “Eng yaxshi loyiha” deb topdi. Shu bois, elchixona dastlab loyihani amalga oshirishga 50 mln. soʻm miqdorda mablagʻ ajratishga qaror qilgan boʻlsa, Parkentga kelib, loyiha doirasidagi ishlar bilan tanishishgach, elchixona vakillari 100 mln soʻm ajratishga qaror qilishdi. Qolgan harajatlar Parkent tuman Axborot resurs markazi tomonidan qoplanishi rejalashtirilgan.

Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvida ishtirok etdim. “Ming afsuski, sogʻliqni saqlash muassasalarida ayrim shifokorlarning aholi bilan qoʻpol muomalada boʻlishi, odamlarni mensimaslik, oʻz vazifasini suiisteʼmol qilishi kabi salbiy holatlar hamon uchrab turibdi. Bunday vaziyatni oʻzgartirish uchun, avvalo, tibbiyot xodimlarining maʼnaviy dunyosini, bemorlar bilan muloqot madaniyatini yuksaltirish zarur”, deya kuyinib gapirdi Prezident. Bu bejiz emas, shifokorlarning maʼnaviyati, muomala madaniyati yuksalishi uchun ham mutolaa kerak. Shu maʼnoda davlatimiz rahbari sohada dasturilamal boʻladigan istiqbolli vazifalarni belgilash barobarida har bir mahallada kutubxona boʻlishi kerakligini alohida taʼkidladi. Qolaversa, koʻrik-tanlovlarda koʻp ishtirok etganim uchun kitob mutolaasi inson hayotida muhim omil boʻlishini chuqur his qilaman, — deydi Marjona. Zero, badiiy adabiyot oʻqigan inson boshqalardan ajralib turishini anglab yetdim. Shuning uchun hamma insonlar mutolaa madaniyatiga ega boʻlsa deyman. Mahallamda kutubxona ochish gʻoyasiga shu istagim turtki boʻldi. Germaniya elchixonasi loyihamga dolzarb masala sifatida qaraganidan juda hursand boʻldim. Mahalla fuqarolar yigʻini binosining boʻsh turgan zali endi orzuimni roʻyobga chiqarishga xizmat qiladigan boʻldi. Kutubxonamiz ham elektron, ham anʼanaviy tarzda faoliyat olib boradi. Kumushkonda 3 mingga yaqin kishi yashasa, shuning 1,5 mingga yaqini yoshlar. Shundan kelib chiqib, tuman ARMga dastlab 1,5 mingga yaqin kitoblarga buyurtma berdik. Kumushkon turistik hudud boʻlgani uchun sayyohlarga chet tillaridagi kitoblarga ham alohida oʻrin ajratamiz. Maktabimizda nemis tili oʻrgatilishi bois, ayniqsa, nemis tilidagi kitoblar koʻproq boʻlishi koʻzda tutilgan loyihada. Kutubxonamizda 2 nafar ish oʻrni yaratiladi. Elchixonaga barcha hujjatlarni yubordik, nasib qilsa, shu oyda mablagʻ ajratib berishsa, moʻjazgina kutubxonamiz ish boshlaydi. Bu yerda nafaqat mutolaa qilinadi, balki turli tanlovlar oʻtkazish, toʻgaraklar ochishni ham maqsad qilganmiz. Umuman olganda, “Kitobxon oʻquvchi”, “Kitobxon talaba” darajasini mahallamizga nisbatan oʻzlashtirib, “Kitobxon mahalla” boʻlmoqchimiz.

Xulosa oʻrnida shuni aytishni istar edikki, talabalikning ilk bosqichida shuncha shijoati boʻlgan Marjona nasib qilsa, oliygohni tamomlaguniga qadar yangi-yangi gʻoyalari bilan koʻplab yoshlarning nurli kelajakka intilishini oshirishga munosib hissa qoʻshadi.

Munojat Moʻminova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri