Jumladan, joriy yilning 7 noyabr kuni delegatsiya vakillarining Berlin shahri ijroiya hokimiyati –  Berlin federal yeri Senatida Ichki ishlar va sport vaziri (senatori) Iris Spranger bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda GFRdagi mahalliy hokimiyat, ijroiya va vakillik organlarining faoliyati, ularning o‘zaro munosabatlari, bir-birini tiyib turish mexanizmlari hamda siyosiy partiyalarning mahalliy vakillik organlaridagi o‘rni yuzasidan nemis tajribasi haqida maʼlumot berildi.

Xususan, I.Spranger Germaniyaning mahalliy vakillik hokimiyati tizimi haqida to‘xtalib, Berlin federal yeri mahalliy vakillik organi sifatida 12 ta maʼmuriy-hududiy tuzilmalar – tumanlardan iborat ekanligini hamda mazkur tumanlarda ijroiya hokimiyati bilan birga mahalliy kengashlar – parlamentlar mavjudligini taʼkidladi. O‘z navbatida, qonunchilikga muvofiq mahalliy ijroiya va vakillik hokimiyati organlarining sohalar bo‘yicha vakolatlari chegarasi aniq belgilanganligini bildirdi.

Muhokamalar davomida germaniyalik hamkorlar tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan davlat boshqaruvini demokratik tamoyillar asosida takomillashtirish hamda mahalliy vakilik va ijroiya organlarining rolini oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuqori baholandi.