Mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun Tojikiston bozoriga yangi darvozalar ochilmoqda

    Xalqaro hamkorlik 14 Iyun 2021 1341

    Dushanbe shahrida Oʻzbekistonning 15 ta sanoat ishlab chiqaruvchilari oʻz mahsulotlarini taqdim etayotgan “Made in Uzbekistan” Milliy koʻrgazmalar zali (shourum) ochildi.

    Mamlakatimiz eksport salohiyatini ilgari surishga qaratilgan ushbu tashabbus Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan amalga oshirildi, deya xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Doimiy ravishda faoliyat koʻrsatadigan shourum maydoni 600 kvadrat metrni tashkil qiladi. Unda namoyish etiladigan mahsulotlar assortimenti qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, toʻqimachilik va tayyor kiyim-kechak, charm aksessuarlari va turli xil poyabzal mahsulotlari, ipak mato va buyumlari, elektronika va maishiy texnika, mebel, santexnika va zargarlik buyumlari namunalarini oʻz ichiga oladi.

    Koʻrgazma maydoni hisoblangan shourum bir vaqtning oʻzida muzokaralar oʻtkazish hamda ishlab chiqaruvchilar va mijozlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish uchun platforma vazifasini bajaradi. Shu yerning oʻzida mahalliy xomashyo bazasi va bozor ehtiyojlarini hisobga olgan holda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va qoʻshma korxonalar tashkil etish istiqbollari ham muhokama etilmoqda.

    Oʻzbek ishlab chiqaruvchilarining fikriga koʻra, Tojikiston bozori rivojlanish uchun ulkan salohiyatga ega. Shourum faoliyatining birinchi kunlaridayoq mehmonlarning, jumladan, xaridorlar va boʻlajak biznes hamkorlarning unga boʻlgan katta qiziqishi kuzatildi.

    Ayrim qurilish materiallari va charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari Tojikistonga mahsulot yetkazib berish hamda bu borada yaqin kelajakda eksport shartnomalarini tasdiqlash boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.

    Shourum Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish va Tojikiston ishbilarmon doiralarini mamlakatimiz sanoat salohiyati bilan tanishtirishning samarali vositasiga aylanishi kutilmoqda.