Bu, oʻz navbatida, mahalliy Kengashlardan katta masʼuliyat, tajriba va tashabbus ham talab qiladi. Shu maʼnoda Oliy Majlis Senati tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish, ularga metodik koʻmaklashish, deputatlarning amaliy koʻnikma va malakalarini oshirib borish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda bugun, 14-fevralda Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayeva ishtirokida seminar tashkil etildi. Unda Senat Raisi 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi mazmun-mohiyatini, mahalliy Kengashlar faoliyatiga doir chora-tadbirlarni batafsil tushuntirib berdi.
Seminar davomida Strategiyadagi 2-maqsad bevosita mahalliy Kengashlar faoliyatiga daxldorligi, xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini takomillashtirish, ularni haqiqiy nazorat organiga aylantirish bilan bogʻliq chora-tadbirlardan iborat ekanligi taʼkidlandi.
Bunda mahalliy Kengashlarda doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini yaratish, ularning vakolatlarini kengaytirish va aniq belgilash orqali ijro organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish nazarda tutilganligi qayd etildi.
Senat Raisi taʼkidlaganidek, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarida ayrim deputatlarning doimiy asosda ishlash tartibi joriy etilib, “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari reglamenti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, mahalliy Kengashlarning nazorat funksiyalarini kengaytirish va tizimlashtirish maqsadida “Xalq deputatlari Kengashlari nazorati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi tayyorlanadi.
Mahalliy Kengashlar faoliyatiga axborot texnologiyalarini ham keng tatbiq etish maqsadida “Raqamli xalq deputatlari Kengashi” loyihasini amalga oshirish belgilangan boʻlib, bu borada xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi tomonidan “Elektron Kengash” platformasi loyihasi yaratilganligi, mazkur amaliyotni qolgan hududlarga ommalashtirish maqsadida Buxoro shahrida amaliy seminar tashkil etilishi taʼkidlandi.
Seminarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining 2021-yil yakunlari ham sarhisob qilindi, mahalliy Kengashlarda sifat jihatdan ham muhim natijalarga erishilganligi qayd etildi.
Xususan, 2021-yil davomida mahalliy Kengashlar tomonidan oʻtkazilgan 4,5 mingdan ortiq sessiyalarda 34,4 mingga yaqin masalalar koʻrib chiqilgan, mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining 18 ming martadan ziyod hisobot va axborotlari eshitilgan.
2021-yil 1-iyuldan boshlab mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga joriy etilgan “E-qaror” elektron tizimida bugungi kunga qadar mahalliy Kengashlar tomonidan qabul qilingan 20 mingdan ortiq qarorlar roʻyxatdan oʻtkazilgan.
2021-yil 1-dekabrdan mahalliy Kengashlar sessiyalarining toʻgʻridan-toʻgʻri yoritib borilayotganligi aholiga sessiyalarni kuzatib borish imkoniyatini berdi.
Seminarda 2021-yil may oyida 14 ta tuman va shaharda tajriba shaklida joriy etilgan byudjet xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosidagi tadbirlarga yoʻnaltirish tartibi 2022-yil 1-yanvardan eʼtiboran barcha tuman va shaharlarda joriy etilganligi, jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining eng kam miqdori 30 foizga oshirilganligi alohida taʼkidlandi.
Shu bilan birga, mahalliy Kengashlar faoliyatida uchrayotgan kamchiliklar, ayrim deputatlarning aholi muammolarini hal etish borasida faol ishlamayotganligi, deputatlik vakolatidan chetga chiqish holatlari uchrayotganligi muhokama etildi.
Shuningdek, seminarda Senatning 23-yalpi majlisida qabul qilingan hududlarda yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash ishlari samaradorligi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish haqidagi qarori ijrosini tashkil etish masalasi ham koʻrib chiqildi.
Xuddi shu tartibda xalq deputatlari viloyat Kengashlari tumanlarda, tuman Kengashi deputatlari esa mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar ustidan doimiy ravishda nazorat olib borishlari maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Mahalliy Kengash deputatlari har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha joriy etilgan hokim yordamchisi bilan muammolarni hal etishda birga ishlashlari zarurligi, bu boradagi ishlarni “oila – mahalla – xalq deputatlari Kengashi – parlament” tamoyil asosida tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Seminarda mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari raislari, kotibiyat mudirlari ham oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, vazifalar koʻp boʻlsada, maqsad bitta ekanligini qayd etib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.