Bu haqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini joriy yilda amalga oshirish masalalariga bagʻishlangan videoseltekor yigʻilishida maʼlum qilindi.

Endilikda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga qaysi mahalla yoki qishloq kirishini mahalliy Kengashlar belgilaydi.

Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari zarur mablagʻlar va amalga oshirishi lozim boʻlgan ishlarni aniq hisob-kitob qilib, mahalla raisi bilan birga, hududiy kengashlarda himoya qiladi.

Mahalliy kengashlar har bir mahalla kesimida ijtimoiy soha, ichimlik suvi, yoʻl-transport va infratuzilma obyektlari “manzilli dasturi”ni tasdiqlaydi.

Bunda dasturlar doirasida mahalla raislari va aholining “ijtimoiy hamkorligi”ni ham nazarda tutish zarur. Yaʼni, davlat yangi yoʻl qurib bersa, uning atrofiga daraxt ekish, qazib berilgan ariq va zovurlarni keyinchalik tozalash, qurilgan binolarning butun saqlanishini taʼminlash boʻyicha mahalla aholisi oʻziga majburiyat oladi.

Endilikda sektor rahbarlari belgilangan chora-tadbirlar ijrosini yuzasidan har oyda mahalliy Kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali aholiga hisobot berib boradi.