Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHda BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UNDESA) Raqamli hukumat bo‘limi rahbari Vinchenso Akuaro bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlik, xususan, UNDESA va Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi qo‘shma loyihalarini amalga oshirish, BMT tomonidan tashkil etiladigan xalqaro tadbirlarda O‘zbekistondagi vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston hududida UNDESA xalqaro tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha yangi maydoncha yaratish, O‘rta Osiyo davlatlarida inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha seminar treninglar o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv so‘ngida UNDESA va Raqamli texnologiyalar vazirligi o‘rtasida mahalliy onlayn xizmatlar indeksi (LOSI) baholashini o‘tkazish bo‘yicha Anglashuv Memorandumi imzolandi.








