Sud hujjatida qayd etilishicha, sudlanuvchi, 2000-yilda tugʻilgan N.X. 5-fevral kuni oʻzining Instagram sahifasida Toshkent shahri aholisini haqorat qilib 3−4 ta video joylagan. Qiz sudda videoni taksi haydovchisi uni qayerdan kelgani haqidagi savolidan soʻng jahli chiqib tasvirga tushirganini aytdi.
Qizning taʼkidlashicha, u videolarni 5 daqiqadan keyin oʻchirib yuborgan. Shuningdek, u sogʻligʻi tufayli 4 marotaba narkoz olgani, shuning uchun tezda jahli chiqib tinchlana olmasligini aytdi.
Bundan tashqari, u oʻsha vaqtda oʻzida boʻlgan ishonch tufayli “15 sutka tiqsa tiqaversin, manga nima, man rostini gapirvomman…” deb aytgani haqida koʻrsatma berib, hozirda aybiga toʻliq iqrorligi, qilgan ishidan pushaymon ekanini aytib, unga nisbatan yengillik berishni soʻradi.
Sud N.X. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topib, unga nisbatan 10 (oʻn) sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinladi.
Tayinlangan jazo 2025-yil 10-fevral soat 12:40 dan boshlab hisoblanadi. N.X.ning hisobidan qamoqda saqlangan har bir kuni uchun maxsus qabulxona foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 15 foiz miqdorida harajatlar undirilishi belgilandi.









