Qayd etish joizki, mahkumlar orasida ham ana shu e'tibor va g'amxo'rlikdan to'g'ri xulosa chiqarib, hayotini bosqichma-bosqich izga solishga harakat qilayotganlari ko'plab topiladi. Samarqand shahridagi 38-sonli manzil koloniyasida jazo muddatini o'tayotgan S.Qodirov ulardan biri.

U 2-son FHDYO bo'limiga qonuniy nikohdan o'tish maqsadida amaliy yordam so'rab, murojaat qilgan edi. Tegishli chora-tadbirlardan keyin uning murojaati ijobiy hal qilinib, fuqarolik huquqi ta'minlandi. Muhimi, mahkumning nikohi o'zi jazo muddatini o'tayotgan manzil koloniyasida Samarqand shahar 2-son FHDYO bo'limi tomonidan tantanali ravishda qayd qilindi hamda  oilaga nikoh tuzilganligi to'g'risidagi guvohnoma topshirildi. 

— Bo'limga 38-son manzil koloniyasi ma'muriyatdan sohaga aloqador ko'plab murojaatlar bo'ladi, — deydi Samarqand shahar 2-son FHDYO bo'limi mudirasi SH. Nurullaeva. — Shu bois, qonunchilik talablari asosida ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolarga ham belgilangan tartibda davlat xizmatlarini ko'rsatib kelamiz. Xususan, koloniyada jazo muddatini o'tayotgan S.Qodirovning fuqaro G. Do'stbekova bilan nikohini qayd etish to'g'risidagi arizalari ham qonun doirasida ko'rib chiqilib, ijroga qaratildi. 

— Menga berilgan bunday e'tibor va imkoniyat o'zimga kerakli xulosalarni chiqarishimga turtki bo'ldi, — deydi S.Qodirov. — Shu erda bo'lsam ham oila qurib, fuqarolik huquqlarimdan foydalanishimga zamin yaratgan Prezidentimga, shuningdek, Davlat xizmatlari agentligi xodimlariga minnatdorchilik bildiraman.    

Tadbir doirasida mazkur koloniyada jazo muddatini o'tayotgan boshqa mahkumlar bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Bu ularning fuqarolik holati sohasiga oid to'planib qolgan savollariga mutaxassisdan to'g'ridan-to'g'ri javob olish imkonini berdi, deyish mumkin.  38-son manzil koloniyasi rahbariyati bilan bu kabi uchrashuvlarni tez-tez o'tkazishga kelishib olindi.

DXA Samarqand viloyat boshqarmasi
Axborot xizmati