Mahmudxoʻja Behbudiy hamda Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofotlar taʼsis etiladi

    Hukumat qarori (606-son, 27.09.2025-y.) bilan “Dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot toʻgʻrisida” hamda “Yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofot toʻgʻrisida”gi nizomlar tasdiqlandi.

    Nizomlarga koʻra, mukofot gʻoliblarini aniqlash uchun har 2-yilda 1 marotaba tanlov oʻtkaziladi.

    Mukofotlar bilan rejissura va dramaturgiya sohalarida faol ijod qilayotgan rejissyor va dramaturglar teatrlar repertuarini dolzarb mavzudagi sahna asarlari bilan boyitishga qoʻshgan munosib hissasi uchun taqdirlanadi.

    Gʻoliblarga mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 50 barobari miqdorida 1-martalik pul mukofoti hamda diplom va statuetkalar beriladi.

    Ijodkorlarni mukofotlar bilan taqdirlash boʻyicha takliflar tegishli tashkilotlar tomonidan Madaniyat vazirligiga taqdim etiladi.

    Madaniyat vazirligi nomzodlar boʻyicha takliflarni koʻrib chiqib, tanlov oʻtkazilayotgan yilning 1-fevraligacha tegishli komissiyaga taqdim etadi.

    Komissiya 1-martgacha nomzodlarning hujjatlarini oʻrganib chiqib, har bir mukofot boʻyicha eng munosib 1 nafardan nomzod boʻyicha yakuniy qaror qabul qiladi.

    Mukofotlar 27-mart – Xalqaro teatr kuni arafasida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri yoki uning tegishli oʻrinbosari tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.