Qarorga koʻra, 2025-yilda Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligi keng nishonlanadi.

Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligini nishonlash boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqladi.

Dasturda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi, jumladan:

— mutafakkir adibning “Tanlangan asarlar” toʻplami, uning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish;

— Mahmudxoʻja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirish hamda bugungi kunga qadar yaratilgan “Mahmudxoʻja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlarini tashkil qilish;

— umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, ijod maktablari oʻquvchilari, “Temurbeklar maktablari” kursantlari hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Mahmudxoʻja Behbudiy saboqlari” mavzusida insholar tanlovini oʻtkazish va gʻoliblarni munosib taqdirlash;

— 2025-yil oktyabr oyida “Mahmudxoʻja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini oʻrganishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilish;

— 2025-yil noyabr oyida Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligiga bagʻishlangan tantanali adabiy-maʼrifiy xotira kechasini oʻtkazish.