“Mahoratli oʻqituvchi — millat tayanchi“ mavzusida konferensiya tashkil etildi

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bosh kotibining taʼlim siyosati boʻyicha maxsus maslahatchisi Andreas Shlyayxer bilan uchrashdi.

    “Mahoratli oʻqituvchi — millat tayanchi: uzluksiz kasbiy rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari” konferensiyasi doirasida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari va rejalar muhokama qilindi.

    Uchrashuv avvalida vazir Hilola Umarova Oʻzbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritar ekan, buning natijasida oʻzbekistonlik maktab oʻquvchilarining bilim olish koʻrsatkichi va natijalari yildan yilga ortib borayotganligini alohida qayd etib oʻtdi.

    Muloqot doirasida mamlakatimizdagi koʻplab maktablarda joriy qilinayotgan yangi baholash tizimi, uning afzalliklari hamda taʼlimdagi oʻsish koʻrsatkichlari haqida fikr yuritildi.

    Bundan tashqari, Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti huzurida tashkil etilgan Xalqaro baholash markazi faoliyatiga atroflicha toʻxtalib oʻtildi.

    — Barchamizga maʼlumki, kelgusi yil PISA 2025 sinovlari boʻlib oʻtadi va unda oʻzbekistonlik oʻquvchilarning ham munosib ishtirok etishi kutilmoqda, — deydi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bosh kotibining taʼlim siyosati boʻyicha maxsus maslahatchisi Andreas Shlyayxer. — Oʻylaymanki, yurtingizda bugungi kunda olib borilayotgan keng miqyosdagi taʼlim islohotlari ushbu jarayonlarda ham oʻz samarasini beradi. 2025-yilda TALIS 2024 tadqiqot natijalari eʼlon qilinadi. Maktablardagi taʼlim olish sifati va natijalarini oʻzida ifoda etadigan ushbu tahlillarda oʻzbek yoshlarining oʻrni va bilim darajasi munosib baholanishiga ishonaman.