Mahsulot yorligʻiga eʼtiborlimisiz?

    Bilasizmi? 27 Iyul 2021 3903

    Oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalarida aksariyat oziq-ovqat mahsulotlariga saqlanish muddatini uzaytirish va mazasini yaxshilash maqsadida, asosan, tuz, yogʻ, shakar, soya va palma yogʻi kabi qoʻshimchalarni qoʻshish orqali ishlov beriladi.

    Shuning uchun mahsulot sotib olishda uning tarkibi haqidagi yoʻriqnoma bilan tanishish muhim. Agar beshtadan ziyod qoʻshimchani oʻz ichiga olgan boʻlsa, uni oʻta qayta ishlangan oziq-ovqat mahsuloti, deb atash mumkin.

    Oʻta qayta ishlanganlar guruhiga kiruvchi kolbasa va shunga oʻxshash qayta ishlangan goʻsht mahsulotlari, magazinlarda qadoqlangan holda sotiluvchi yormalar, tez tayyor boʻladigan lapshali shoʻrvalar (rolton), gazlangan shirin ichimliklar, tovuq goʻshtidan tayyorlangan naggetlar, kekslar, shokolad, muzqaymoq, fabrikada tayyorlangan non mahsulotlarini isteʼmol qilish sogʻlik uchun zarar keltiradi.

    Pandemiya davrida tabiiy, organizm uchun foydali mahsulotlarni isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Boisi qayta ishlanmagan yoki kam darajada qayta ishlangan mahsulotlar organizmga ziyon keltirmaydi. Bunday mahsulotlarda vitaminlar va mikroelementlar tabiiy holda saqlanib qoladi. Mevalar-sabzavotlar, sut, goʻsht, dukkaklilar, guruch, tuxum shular jumlasidandir.

    Feruza Joʻrayeva tayyorladi