Jumladan, oʻtgan bir yilda Avstraliya, Yangi Zelandiya, Singapur, Kolumbiya, Indoneziya kabi 10 dan ortiq yangi bozorlarga chiqildi, mahsulotlarimiz eksport qilinadigan mamlakatlar soni 85 taga yetdi.
Lekin, eksportning 80 foizi 5 ta davlat bozoriga toʻgʻri kelayapti. Yaʼni, qishloq xoʻjaligi eksportini asosiy qismini “kilosiga 1 dollardan past narxda boʻlgan bozorlar” tashkil qilmoqda.
Oʻtgan yili 52 ta mamlakatga 126 ming tonna uzum eksport qilingan boʻlsa, shundan 98 ming tonnasi 12 ta davlatga kilogrammi 1 dollardan kam narxda sotilgan.
Eng xaridorgir mahsulotlarimiz boʻlgan gilos, shaftoli, xurmo, oʻrik, olcha, olxoʻri, anjir, anor, bodom, loviya, mosh eksportida ham shu ahvol.
Eng koʻp eksport boʻladigan 10 turdagi mahsulotning ulushi jami meva-sabzavot eksportida 60 foizni tashkil qiladi.
Oʻrganishlar davomida tadbirkorlar qayd etganidek, tannarx balandligi, ayrim “uddaburonlar” daromad ortidan quvib, qadoqlashda sifatsiz mahsulot qoʻshib yuborayotgani oqibatida tashqi bozorda Oʻzbekiston mahsuloti nufuziga putur yetmoqda.
Yoki, 1 mingta eksportchi korxonaning koʻp million dollarlik muddati oʻtgan debitor qarzdorligi bor. Jumladan, 33 ta tumanda eksportdan debitor qarzdorlik qolgan hududlardan ancha yuqori.