Nizom mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogini yuritish va undan foydalanish, shuningdek, soliq imtiyozlariga mahsulotlarning (tovarlarning va xizmatlarning) identifikatsiya kodlarini biriktirish tartibini belgilaydi.
Ishlab chiqariladigan va import qilinadigan tovarlar hamda koʻrsatiladigan xizmatlar milliy katalog obyekti hisoblanadi.
Milliy katalog quyidagi holatlarda va maqsadlarda ishlatiladi:
— elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishda;
— onlayn-NKT cheklarida;
— bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirishda (bojxona chegarasidan birinchi marta olib kirilayotgan tovarlar bundan mustasno);
— qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.
Milliy katalogdan Internet jahon axborot tarmogʻidagi “tasnif.soliq.uz” rasmiy veb-sayti orqali foydalaniladi.
Mahsulotlar (tovarlar, xizmatlar) uchun soliq imtiyozlari soliq organlari tomonidan ushbu imtiyozlar nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlarda koʻrsatilgan mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodlariga biriktiriladi.