Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida Respublika turkman milliy madaniyat markazi Qoʻmita hamda Turkmanistonnning Oʻzbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda buyuk turkman shoiri Maxtumquli ijodiga bagʻishlangan “Maxtumquli ijodi oʻzbek va turkman xalqlarining doʻstlik timsoli” mavzusida madaniy - maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Qoʻmita mutasaddi xodimlari, Turkmanistonnning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari, milliy madaniy markazlar raislari, Respublika turkman milliy madaniyat markazi faollari, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzolari va jurnalistlar ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida turkman milliy madaniyat markazi tomonidan tashkil qilingan Maxtumquli asarlari chop etilgan kitoblar koʻrgazmasi, turkman milliy hunarmandchilik asarlari va turkman gilamlari koʻrgazmasi mehmonlar diqqatiga havola etildi.
Oʻtkazilgan anjumanning maqsadi – mamlakatlarimizning yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan oʻzaro hamkorligini kuchaytirish, madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish orqali qardosh xalqlarimizning tarixi, madaniyati, maʼnaviy qadriyatlari, milliy anʼana va urf-odatlarini saqlash va har tomonlama rivojlantirish, ularning buyuk namoyandalari hayoti va ijodi bilan oʻsib kelayotgan yosh avlodni tanishtirishdan iborat.
Dastur doirasida dastlab Toshkentdagi Maxtumquli barelyefi oldida tadbir tashkil qilindi. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasining bir guruh xodimlari, Turkmanistonnning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari, Respublika turkman milliy madaniyat markazi va milliy madaniy markazlar faollari Maxtumquli barelyefi poyiga gulchambarlar qoʻyishdi.
Tadbirning ikkinchi qismi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida davom etdi. Unda Qoʻmita raisi Rustambek Kurbanov Maxtumquli Firogʻiy ijodi ikki qardosh xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va qardoshlik rishtlarini bogʻlashda muhim ahamiyat kasb etishini aytib oʻtdi.
Anjuman yakunida Respublika turkman, ozarbayjon, qozoq milliy madaniy markazlari faollari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi ishtirokchilarga yaxshi kayfiyat baxsh etdi.